Bu frontga kuzatadigan, Qizil Armiya jangchilariga ko‘mak jo‘natiladigan, ulkan mamlakatning barcha hududlaridan evakuasiya qilingan aholini qabul qiladigan joy bo‘lgan. Toshkent vokzalida o‘z o‘g‘il-qizlarini frontga kuzatayotgan ota-onalar ularni bosqinchilar bilan kurashishga va o‘z xalqining mard qahramonlaridan o‘rnak olishga chorlar edilar. Suratning old tomonida o‘g‘liga non uzatayotgan ona siymosi aks ettirilgan bo‘lib, urf-odatlarga ko‘ra o‘g‘li nondan bir tishlam tishlab uni onasiga uzatadi, oilasi esa ushbu nonni o‘g‘li uyiga qaytguniga qadar saqlab qo‘yadi. Xalqning ta’biricha, bu odat xonadonga baraka olib kelar ekan.
Farzandini ko‘tarib olgan, turmush o‘rtog‘ini frontga kuzatayotgan yosh ayolga ko‘zimiz tushadi. Chap tarafdagi qariya esa uzoq yo‘lga otlangan farzandlariga oq yo‘l tilagan holda duo qilmoqda. Jo‘nab ketishga hozirlangan eshelonda safarbar etilgan askarlar joylashgan. Vokzal qoshidagi maydonda harbiy orkestr safar marshini ijro etmoqda.
Ularning yaqinida bir kishi frontdagi so‘nggi yangiliklar aks ettirilgan ro‘znomani o‘rtoqlariga o‘qib bermoqda, ular esa uni qo‘rquv va umid bilan tinglamoqda.
Asarning chap qismida poyezd jo‘nab ketishini qiziqish bilan kutayotgan bolalar tasvirlangan. Hayot davom etmoqda. Kabutarlar tinchlik ramzi sifatida tinch-hotirjam kunlar albatta yetib kelishiga ishonch bag‘ishlab turar edilar.
O‘zbekiston frontni ta’minlash bo‘yicha mustahkam qo‘rg‘onga aylandi. Vagonlarga oziq-ovqat va turli yuklar ortishayotganini ko‘rishimiz mumkin.
Vokzalga front yaqinidagi hududlardan turli millatlarga mansub kishilar va bolalarning yetib kelishi juda ta’sirli bo‘lib, unda xalqimizga xos bag‘rikenglik va mehribonlik aks etgan.