Ajdodlarga munosib voris bo‘lamiz!
Ajdodlarga munosib voris bo‘lamiz!
Ajdodlarga munosib voris bo‘lamiz!
9 - may “Xotira va qadrlash” kuni munosabati bilan “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasida poytaxtimizda joylashgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi matematika, astronomiya, fizika hamda informatika fanlariga ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining 2- hamda 4- sinf o‘quvchilari ishtirokida “Ajdodlarga munosib voris bo‘lamiz” shiori ostida vatanparvarlik ruhidagi tadbir bo‘lib o‘tdi.

        Majmua huzuridagi “Shon-sharaf” davlat muzeyining majlislar zalida ertamiz egalari barchaga unutilmas onlarni hadya etib,  vatanni madh etuvchi kuy va qo‘shiqlari, turli  jozibali raqslarni ijro etib barchani hayratga soldi. Shundan so‘ng, bolajonlar “Gʻalaba bog‘i” hamda “Shon-sharaf” davlat muzeyidan o‘rin olgan O‘zbekiston xalqining ikkinchi jahon urushi davrida ko‘rsatgan qahramonliklari va fidoiyligidan so‘zlovchi noyob eksponat va ekspozisiyalar bilan yaqindan tanishdilar.
        –  “Gʻalaba bog‘i”ga sayohat qilib o‘tmishda ota-bobolarimizning boshidan kechirgan ayanchli kunlari, ularning vatan tinchligini asrash yo‘lida ko‘rsatgan jasoratlaridan hikoya qiluvchi eksponatlarni kuzatib, huddi o‘zimni tarixga sayohat qilgandek his etdim. Men ham kelajakda ona vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilib, ajdodlarimizga munosib davomchi bo‘laman,–deydi mazkur maktabning 4 “b” sinf o‘quvchisi Jamshidbek Qarshiyev. 
        Darhaqiqat, vatan muqaddas va azizdir, Uning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash esa, har birimizning vatan oldidagi farzandlik burchimizdir. Ertamiz egalarining vatanni nechog‘lik asrab-avaylash, uning naqadar muqaddas zamin ekanligini his qilayotganliklari esa, nafaqat bugunimiz balki, ertangi kunimizga bo‘lgan ishonchdan dalolatdir. Tadbir so‘ngida Qurolli kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan kuy va qo‘shiqlar ijro etilib, bolajonlarga olam-olam quvonch ulashdi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatga xabar
berish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing