Darhaqiqat, tinchlik ulug‘ ne’matdir, uning qard-qimmatini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Yurtimizda o‘tmishni qadrlash va bugungi tinch va osoyishta hayotni barqarorlashtirib, millatimiz sha’nini asrab-avaylash, yoshlarni ona vatanga sadoqat ruhida tarbiyalab, ajdodlardan bizga me’ros bo‘lib qolgan fidoiylik, insonparvarlik, vatanga bo‘lgan sadoqat kabi tuyg‘ularni yurakdan his qilib, yurtdoshlarimiz ayniqsa, yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar amalda o‘z samarasini bermoqda. Ayniqsa, xalqlar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik va do‘stlik aloqalarini har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan uchrashuvlar va tadbirlarning amalga oshirilayotganligi mustahkam kelajakni barpo etish yo‘lida ko‘prik vazifasini o‘taydi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
21 iyun kuni Rossiya “Spravedlivaya Rossiya” partiyasi tomonidan MDH mamlakatlari siyosiy partiyalari ishtirokida Ulug‘ Vatan urushi boshlanganiga 80 yil to‘lgani munosabati bilan xalqaro teleko‘prik o‘tkazildi. Videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan tadbir “Adolat” sosial-demokratik partiyasi faollari poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hamda uning tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi hamkorligida o‘tkazildi.
Teleko‘prikda qatnashgan barcha davlatlar ikkinchi jahon urushi davrida sodir bo‘lgan mudhish jarayonlar, shuningdek, fron va front ortidagi fidoiy insonlarning ko‘rsatgan jasorati va matonati xaqida fikr almashdilar.
Ma’lumki, Ulug‘ Vatan urushida 2 milliondan ortiq o‘zbekistonliklar tinchlik uchun jang olib borgan. 538 ming vatandoshimiz halok bo‘lgan, 158 mingdan ortig‘i bedarak yo‘qolgan. O‘sha ma’shum urush yillarida butun O‘zbekiston, ayniqsa Toshkent mehr quchog‘iga aylangan ediki, birgina 200 ming yetim bolaning bolalar uyiga emas, xonadonlar bag‘riga joylanishi bu fikrimizning yorqin ifodasidir.
Tadbir so‘ngida barcha davlat vakillari bir vaqtning o‘zida tinchlikni asrash yo‘lida jasorat ko‘rsatgan mard va jasur insonlar sharafiga o‘rnatilgan yodgorliklar oldida ehtirom ramzi sifatida sukut saqlab, monument poyiga gulchambarlar qo‘yishdi.
Shuningdek, O‘zbekistondan ishtirok etgan vakillarimiz “Shon sharaf” davlat muzeyi binosining yuqori qismidan o‘rin olgan general Sobir Raximov va O‘zbekistonning barcha mard va jasur o‘g‘il va qizlari sharafiga o‘rnatilgan “Mangu jasorat” yodgorligiga hurmat bajo keltirdi.