“Pavlov uyi himoyachilari” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
“Pavlov uyi himoyachilari” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
“Pavlov uyi himoyachilari” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
“Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi nafaqat tarix va bugunni bog‘lab turuvchi ko‘prik vazifasini o‘tamoqda, balki, sovuq urushning ayanchli va mudhish kunlarini boshidan kechirgan yurtdoshlarimizning oila a’zolariga yupanch va tasalli berguvchi bag‘rikeng maskanga aylandi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

        Ammo oramizda shunday fidoiy insonlar borki, ular nafaqat o‘z yaqinlari, balki, vatan tinchligi uchun jonini tikkan mard va jasur insonlar xotirasini abadiylashtirib, tarix sahifalariga muhrlash uchun bor kuch g‘ayratini sarf qilmoqdalar. Ana shunday xalqparvar, jonkuyar yurtdoshlarimizdan biri, Surxondaryolik yozuvchi Nasriddin Ismoilovdir.  U o‘zining faoliyati mobaynida Ikkinchi jahon urushida jasorat ko‘rsatgan o‘zbekistonlik jangchilarning qahramonliklari va jasoratini, qolaversa ularning hikoyalari va taqdiri bilan bog‘liq ma’lumotlarni “Pavlov uyi himoyachilari” nomli kitobga muhrlab, yuksak asar yaratishga muvafaq bo‘ldi. Kuni kecha “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasida ushbu kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi muxtor elchisi Aleksey Vladimirovich Yerxov, Qamalda qolgan Leningraddan O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan, bugungi kunda yurtimizda umrguzaronlik qilayotgan faxriylar, harbiy xizmatchilar, yozuvchilar, Nasriddin Ismoilovning yaqinlari hamda yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda so‘z olganlar yurtdoshimiz Nasriddin Ismoilovning ushbu asarni yaratishdagi mashaqqatli hamda sharafli xizmatlarini e’tirof etib, mazkur kitob albatta ertamiz egalarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda o‘z hissasini qo‘shishini ta’kidlashdi. Ushbu kitobda aks etgan yorqin va ta’sirchan lavhalarda ayanchli va mudhish urush nafasini beixtiyor his etib, qalblarda bugungi baxtli va farovon kunlarga bo‘lgan shukronalik yanada mavj uradi. 
        –Otam ushbu kitobdagi ma’lumotlarni salkam 40 yil mobaynida to‘pladilar,–deydi o‘z so‘zida kitob muallifning qizi Ra’no Nasriddinovna. Men hali juda yosh qizcha edim. Otam turli hil davlatlarning arxivlariga ma’lumot to‘plash uchun ketardilar. O‘sha paytlar xorijiy arxivlarga kirish biroz mushkul edi. Ammo so‘nggi yillarda yurtimizda tarixga bo‘lgan e’tibor va yaratilayotgan keng imkoniyatlar sabab, otam ushbu kitobdagi ma’lumotlarni tarixiy fakt va dalillar asosida arxiv hujjatlarini chuqur o‘rgangan holda yaratdilar.
        Tadbir davomida “Pavlov uyi himoyachilari” kitobi ishtirokchilarga taqdim etildi. Shuningdek, barcha ishtirokchilar “Shon-sharaf” davlat muzeyiga sayohat qilishdi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatga xabar
berish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing