Tarix va bugun bilan hamnafas ushbu maskanlar yoshlarda katta taassurot qoldirdi. “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasidan o‘rin olgan tarixiy hujjatlar, ma’lumotlar va eksponatlar ajdodlarimizning jasorati va matonatidan so‘zlasa, “Millat fidoiylar” xiyoboni esa, mustaqillik qahramonlaridan hikoya qilib, yurtdoshlarimiz va yurtimiz yoshlari qalbida vatanga bo‘lgan muhabbat va sadoqatni yanada kuchaytirishga hizmat qilmoqda. Qashqadaryolik yoshlar mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olishdi.
–Bu galgi sayohatimiz boshqalaridan ancha farq qildi. Uch yil oldin ushbu majmuaga oila a’zolarim bilan kelgan edim. Bugun esa, guvohi bo‘ldimki, majmuaga tutash hududda mustaqillikka erishgach, yurtimiz sarhadlarini qo‘riqlashda halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xotirasi abadiylashtirilib, “Millat fidoiylari” yodgorlik xiyoboni bunyod etilibdi. To‘g‘risi ko‘zimga yosh keldi. Bizning vatanimiz ishonchli qo‘llarda ekaniga yana bir amin bo‘ldik, – deydi universitetning ikkinchi bosqich talabasi Nigoraxon Azimova.
Darhaqiqat, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar faqat va faqat yurtimiz tinchligi va xalqimizning farovon hayot kechirishini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Jonajon ona vatanimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashda halok bo‘lgan yurtdoshlarimizni esa xalqimiz aslo unutmaydi.