Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar ertamiz egalarini xaqiqiy vatanparvar va komil insonlar qilib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Poytaxtimizdagi “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasining barpo etilganligi ham, tarixga nazar, kelajakka e’tibordan dalolatdir.
Navbatdagi vatanparvarlik tadbiri Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismlar va umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari hamda faxriylar ishtirokida o‘tkazildi. Tadbir avvalida ishtirokchilar mustaqillik yillarida vatanimiz sarhadlarini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xotirasini abadiylashtirish maqsadida bunyod etilgan “Millat fidoiylari” monumenti poyiga gul qo‘yib, hurmat ehtirom ko‘rsatishdi. Tadbirda so‘z olganlar jonajon vatan shani va osoyishtaligi naqadar ulug‘ ne’mat ekani, vatan tinchligini asrab-avaylash yo‘lida halok bo‘lganlar yurt o‘g‘lonlari esa, xaqiqiy vatanparvar, o‘z ona vatani va xalqiga sodiq, mard va jasur vorislar ekanini ta’kidlashdi. Shuningdek, tadbirda ertamiz egalari mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olishdi.
Tinchlik, – bu ulug‘ ne’mat ortida insoniyatni baxt va kamolotga erishtiruvchi hayot deb atalmish umrboqiylik mujassamdir. Qadim-qadimdan insoniyat ongu tafakurida vatan ostonasini asrab-avaylash, tinchlikni barqarorlashtirib, baxtli va farovon hayot kechirishdek ulug‘ maqsadlar o‘z aksini topgan. Ajdodlardan bizga me’ros bo‘lib kelayotgan vatanparvarlik va yurtga sadoqat g‘oyalari bugun yurtimizda olib borilayotgan sa’y-harakatlar va amaliy ishlarda o‘z natijasini ko‘rsatmoqda.