Unda Toshkent harbiy okrugi harbiy ximmatchilari, askarlar, Qurolli Kuchlar faxriylari, Olmazor tumani yoshlari hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining g‘oyasi asosida tashkil etilgan ushbu yodgorlik mustaqillik yillarida mamlakatimiz himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasiga bag‘ishlangan. Majmua yuqoridan qaraganda davlatimiz bayrog‘idagi yarim oy va o‘n ikki yulduz shaklida namoyon bo‘ladi. Qariyb ikki metrli yulduzlarning qirralari bitiktosh vazifasini ham o‘taydi. Ularning yon taraflariga 196 nafar qahramonlarimiz nomi zarhal harflar bilan yozilgan. Bu bitiklar yoniga monitorlar o‘rnatilgan bo‘lib, millat fidoyilari to‘g‘risida ma’lumotlar foto va videolar orqali namoyish etib boriladi. Ya’ni, ularning faqat nomi emas, bolaligi, orzulari, ishi va oilasi ko‘z oldimizda jonlanadi.
Bayrog‘imizdagi yarim oy moʻjaz amfiteatr shaklida xiyobonga ko‘rk bag‘ishlagan. Uning tepasidan poklik ramzi — suv oqib turadi. Oyning orqa tarafidagi haykaltaroshlik kompozisiyasi badiiy g‘oyaga yakun yasagan. Uning markazida farzandini harbiy xizmatga kuzatgan ota-ona siymosi gavdalantirilgan. Ikki yonida Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Oliy sud va prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi, Milliy gvardiya kabi tuzilmalar xizmatchilari aks ettirilgan.
Tadbir dastlab “Millat fidoiylari” monumenti poyiga gul qo‘yish marosimi bilan boshlandi. Marosimda so‘z olganlar yurti, millati, erki va istiqloli yo‘lida jonini fido qilgan jasur o‘g‘lonlar xotirasi hech qachon unutilmasligi va ular qalblarimizda abadiy yashashini ta’kidlashdi. Shuningdek, faxriylar yoshlarni ajdodlar jasoratidan ilhom olib, mustaqillik ne’matini asrab-avaylashga, bugungi osoyishta hayotning har lahzasini qadrlashga, o‘z jonini fido etgan yurtdoshlarimizning orzularini davom ettirib, buyuk kelajak sari dadil odimlashga chaqirdi. Yoshlar esa bu muqaddas maskan ruhiyatidan ilhom olib, o‘z qalblarida faxr, g‘urur va mas’uliyat tuyg‘ularini yanada mustahkamlab olishdi.
Ekskursiya davomida yoshlar yodgorlik majmuasidagi har bir bitik yonida o‘rnatilgan zamonaviy monitorlar orqali mard va jasur o‘g‘lonlarning hayoti, ularning Vatan uchun qilgan fidoyiligi va jasoratlari haqida to‘liq ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Bu o‘z o‘rnida yoshlarning o‘z tarixiga bo‘lgan hurmat va muhabbatini yanada oshirdi, ularda mustaqil Vatanimizni sevish va uni himoya qilish uchun kuchli ishonch uyg‘otdi.
Shundan so‘ng ishtirokchilar “Shon sharaf” davlat muzeyida bo‘lishdi. U yerda o‘rnatilgan har bir eksponatlar tarixning eng murakkab yillari haqida so‘zlar, go‘yoki yoshlarga pand nasihatlar yo‘llar edi. Muzeyda bolalar urush yillarida ota-bobolarimiz ko‘rsatgan jasorat va mardlikning yana bir bor guvohiga aylandilar.
Ushbu ma’rifiy va ma’naviy jihatdan boy tadbir yoshlarni milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim omil bo‘ldi. Yoshlar o‘z tarixiga bo‘lgan hurmat va muhabbatni oshirib, mustaqil Vatanimizni sevish, uni himoya qilish uchun kuchli motivatsiya va maqsad-shijoat bilan to‘ldilar.