Ushbu majmuaga kelgan mehmonlar Ikkinchi jahon urushi davrida halok bo‘lgan o‘z yaqinlarini yod olib, ularning ko‘rsatgan fidoiyliklari va jasoratlari xaqida suhbat qurishdi. Ayniqsa, “Shon-sharaf” davlat muzeyidan o‘rin olgan eksponat va ekspozisiyalar ularda katta taassurot qoldirdi. Qolaversa, “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hududidan o‘rin olgan “Millat fidoiylari” yodgorlik majmuasi ham nuroniylar qalbidan chuqur joy egalladi. –Ular Ajdodlarimizning haqiqiy munosib vorislaridir,–deya e’tirof etgan mehmonlar, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar va ularning samarasi millatimiz ezgu qadriyatlari, ota-bobolarimizning tanlagan fidokorona yo‘llariga mos va xos deya ta’kidlashdi.
Darhaqiqat, yurtimizda an’anaga aylangan keksa avlod vakillariga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, yurt fidoiylarini qadrlash, yoshlarni esa qo‘llab-quvvatlash kabi azaliy qadriyatlarimiz yurtdoshlarimiz qalbida chin ma’noda o‘zlikni anglash, Vatan tinchligi naqadar ulug‘ ne’mat ekanini yanada kuchliroq his qilishlari uchun dasturil-amal bo‘lib xizmat qilmoqda.