O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid qalamiga mansub “Vatan uchun, millat uchun qalqon bo‘lgan o‘g‘lonlar” she’rida ta’kidlangandek, davlatimiz tomonidan mustaqilligimiz fidoyilariga ana shu tarzda ehtirom ko‘rsatildi.
16-may sanasida Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Mudofaa vazirligi hamkorligida yurtimizda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan ijodkor ziyolilar bilan birgalikda “Ehtirom” loyihasiga start berildi.
“Ehtirom” loyihasiga ko‘ra, Oliy ta’lim va innovatsiya vazirligi, kinematografiya agentligi, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Xalq ta’limi vazirligi mutaxassislari ishtirokida Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan hamda mamlakatimiz tinchligi uchun ko‘ksini qalqon qilgan qahramonlar nomini tarixga muhrlash uchun kinoasarlar, seriallar, ssenariylar, she’riy, badiiy asarlar yaratish rejalari muhokama qilindi.
“Gʻalaba bog‘i” huzuridagi “Shon-sharaf” davlat muzeyida bo‘lib o‘tgan ana shu anjumanda yuqorida nomlari sanalgan tashkilotlar, muassasalar va vazirliklar vakillari, taniqli adiblar, san’atkorlar ishtirok etib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha o‘z taklif mulohazalarini aytib o‘tishdi. “Ehtirom” loyihasi asosida tasdiqlangan har bir ish tegishli tarzda moliyalashtirilishi, she’riy va badiiy asarlar esa ta’lim muassasalari darsliklari dasturiga kiritilishi ta’kidlandi.