Ota-bobolarimizning asriy orzulari kelajak avlodlar uchun tinch va farovon hayot yaratib, o‘zlariga munosib avlod qoldirish edi. Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar zamirida ham ajdodlarimizning orzu-umidlarini ruyobga chiqarishdek ulug‘ maqsadlar mujassamdir. Jumladan, birgina poytaxtimizda bunyod etilgan “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi fikrimizning yorqin namunasidir. Ushbu maskanda yoshlar bilan bog‘liq turli yo‘nalishdagi tadbirlar ko‘tarinki kayfiyatda tashkil etib kelinmoqda. 9-may Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Toshkent davlat yuridik instituti talabalari o‘rtasida yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi. Zo‘r shijoat va mas’uliyat bilan tashkil etilgan festival talabalar qalbida yanada vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga zamin yaratdi. Festivalda 11 ta jamoa o‘zaro bellashdilar. Bizni quvontirgan jarayon shu bo‘ldiki, festival shartlari ajdodlarimizning bosib o‘tgan shonli va ibratli yo‘llari, ularning boshidan kechirgan ayanchli kunlari-yu, bugungi dorilomon kunlarga yetishda ko‘rsatgan jasoratlari bilan bog‘liq viktorina savollari majmuaning turli hududlariga berkitildi. Ishtirokchi talabalar esa, ularni qidirib topgan holda tezkorlik bilan javob berib ball to‘plashlari, g‘oliblar esa, tezkorlik bilan “Shon-sharaf” davlat muzeyi ust qismidagi “Mangu jasorat” monumentiga universitet bayrog‘ini olib chiqishi lozim edi. Bundan ko‘zlangan maqsad esa, ertamiz egalari vatanimiz tinchligini asrab-avaylashda qahramonlik ko‘rsatgan yurtimiz fidoiylariga munosib davomchilar ekanliklarini ilmi va bilimi bilan namoyon qilish edi. Festival g‘oliblari aniqlanib, esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.