Dastlab mehmonlarni faxriy qorovul ishtirokida rasmiy kutib olish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Harbiy orkestr tomonidan ikki davlat madhiyasi ijro etildi.
Mudofaa vazirligi markaziy apparatida o‘tkazilgan ikki tomonlama hamkorlik uchrashuvida general-mayor Shuxrat Xalmuxamedov delegatsiya a’zolarini O‘zbekistonga uyushtirgan tashrifi bilan qutlab, Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasida ko‘plab sohalarda olib borilayotgan hamkorlik ishlari aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganini taʼkidladi.
Rasmiy qabuldan so‘ng Vengriya mudofaa vaziri Kristof Salay-Bobrovniskiy boshchiligidagi harbiy delegatsiya “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, faxriy qorovul ishtirokida “Matonat madhiyasi” monumenti poyiga gul qo‘ydi. Shuningdek, rasmiy mehmonlar “Shon-sharaf” davlat muzeyi eksponatlari va “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasining boshqa ko‘plab monumentlari bilan yaqindan tanishdi.