Vatan tinchligini ta’minlashda jonbozlik ko‘rsatgan fidoiy insonlar esa, xaqiqiy qahramonlardir. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga tutash hududda mustaqillik yillarida vatan himoyasi, el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar hamda xuquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari nomlarini abadiylashtirish maqsadida “Millat fidoiylari” zamonaviy majmua barpo etilmoqda. Umumiy yer maydoni 1/7 gektarga teng bo‘lgan ushbu majmua yurtdoshlarimizga vatanimiz sarhadlarini qo‘riqlashda o‘z kasbiy qasamyodiga sodiq qolgan holda vatan ostonasining har qarich tuprog‘ini muqaddas bilib, uni bor kuch-g‘ayrati bilan himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan yurt o‘g‘lonlarining hayoti va xizmat faoliyati bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar bilan tanishish imkonini beradi. Zamonaviy texnik qulayliklarga ega bo‘lgan ushbu majmua davlatimiz ramzi hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘ida aks etgan 12 ta yulduz va yarim oy ko‘rinishidagi kompozisiyalarda namoyon bo‘ladi. Ta’kidlash joizki, Davlat bayrog‘imizdagi 12 yulduz tasvirini o‘zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, o‘z tuprog‘ida saodatga intilishi ramzi sifatida tushuniladi. Aynan ushbu majmuada qad ko‘tarib turgan yulduzlar kompozisiyalarida halok bo‘lgan yurt o‘g‘lonlariga tegishli ma’lumotlar elektron tarzda namoyish etiladi. Navqiron yarim oy tasviri esa, bizning tarixiy an’analarimiz bilan bog‘liq. Ayni paytda u qo‘lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi hamdir. Mustaqilligimizni asrab-avaylashda, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida jonidan kechgan sheryurak o‘g‘lonlar esa, vataniga sodiq, xaqiqiy vatanparvar o‘g‘lonlardir. Ularning sadoqati yoshlarga o‘rnak, xotirasi esa, qalblarda mangu yashaydi.