“Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi aynan vatan tinchligini asrab-avaylashda o‘z jonidan kechgan yurt fidoiylari xotirasini abadiylashtirish maqsadida bunyod etildi. Ma’lumki, bu yil ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabaga 80 yil to‘ladi. Garchi ushbu qutlug‘ sana biz uchun muhim sanalsa-da, ammo ikkinchi jahon urushida xalqimiz boshidan kechirgan mudhish va alamli kunlar iztirobi qalblardan o‘chgani yo‘q. Ushbu maskan tarixni yanada chuqurroq anglashga, insonlar o‘rtasida mehr-oqibat, sadoqat tushunchalarini yanada mustahkamlab, tinch va farovon kunlarni qadrlashga, vatan muqaddas go‘sha ekanini yanada kuchliroq his etishga undaydi. Namangan viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlariga a’zo bir guruh yurtdoshlarimiz ham ushbu yodgorlik majmuasiga qilgan sayohati chog‘ida, – Vatanimiz tinchligi va bugungi dorilomon kunlarni qadrini ajdodlarimizning boshidan kechirgan mudhish kunlari va tinchlik uchun kurashgan matonatidan so‘zlayotgan eksponatlardan tasirlanib yanada kuchliroq angladik,–deya ta’kidlashdi. Turli soha vakillaridan iborat mehmonlar majmua hududi hamda “Shon-sharaf” davlat muzeyidagi ajdodlarimizning bosib o‘tgan ibratli hayot yo‘li hamda vatan tinchligini himoya qilishda ko‘rsatgan jasorati va sadoqati bilan bog‘liq ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. O‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javoblar olishdi.