Majmua hududidagi harbiy texnikalar orasida Li-2 rusumidagi samolyot o‘rin olgan. Aynan shu rusumdagi samolyotda Abdusamat Taymetov Berlinga parvoz qilib, “Germaniyaning urushda so‘zsiz taslim bo‘lganligi to‘g‘risidagi dalolatnoma” va “Gʻalaba bayrog‘i”ni ekipaj a’zolari bilan birgalikda olib kelishga muyassar bo‘lgan. Bundan tashqari, 1941 yil mart oyida Sirdaryo shaharchasidagi uchuvchilar tayyorlash eskadrilyasiga komandir etib tayinlangan Abdusamat Taymetov, 1941-1942 yillar oralig‘ida 71 nafar uchuvchini tayyorlab, 1943 yilda 30 dan ortiq Li-2 samolyotlarini frontga yetkazib berish vazifasini bajaradi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, “Shon- sharaf” davlat muzeyi kun sayin yangi eksponat va ekspozisiyalar bilan boyitib kelinmoqda. Bugun Abdusamat Taymetovning oila a’zolari majmuaga tashrif buyurib, qahramonimizga tegishli bo‘lgan shaxsiy buyumlar hamda uning medallarini taqdim etishdi.
Bu esa, “Shon sharaf” davlat muzeyining noyob eksponat bilan boyitilganligining yorqin namunasidir.
– Abdusamat Taymetovdek fidoiy insonning nabirasi ekanligim nafaqat menga faxr tuyg‘usini beradi, balki o‘z navbatida bobom qoldirgan ibratli yo‘ldan yurish, unga munosib davomchi bo‘lishdek mas’uliyatni yuklaydi,–deydi qahramonimizning nabirasi Lola Taymetova. “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hamda “Shon-sharaf” davlat muzeyi Ikkinchi jahon urushi faxriylarining oila a’zolariga eng sevimli va qadrli maskan hisoblanadi. Ushbu majmuada bo‘lib o‘tadigan vatanparvarlik tadbirlari va uchrashuvlarga doyimiy taklif qilishadi va bizni o‘zgacha kayfiyatda kutib olishadi. Buning uchun majmua rahbariyatga minnatdorchiligimizni bildirib qolamiz.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, Abdusamat Taymetovning ismi tilga olinganida aviatsiya faxriylari hamda yosh uchuvchilar qalbida g‘urur va faxr namoyon bo‘ladi. Qahramonimizning ibratli xayot yo‘li, o‘z vatani tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashda qo‘shgan hissasi va ko‘rsatgan qahramonliklari kelajak avlodlarning komil va vatanparvar bo‘lib voyaga yetishlarida muhim ahamiyat kasb etadi. Vatan fidoiylari bor ekan, shu yurtda tinchlik hukm suradi. Ona vatan osoyishtaligi va farovonligi uchun jonbozlik ko‘rsatgan yurt o‘g‘lonlari qalblarda mangu yashaydi.