O‘zbekiston yoshlari dunyo hamjamiyatining turli jabhalarida namoyon bo‘lgani kabi, xorijiy yoshlarning ham O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi kun sayin ortib bormoqda. Jumladan kuni kecha Mudofaa vazirligi tasarrufidagi “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hamda uning tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyiga sayohat qilgan Qozog‘istonlik yoshlar ham fikrimizning yaqqol dalilidir. Ikkinchi jahon urushi davrida tinchlikni asrash yo‘lida qahramonlik ko‘rsatgan o‘zbekiston xalqining jasorati va matonatidan hikoya qiluvchi eksponat va ekspozisiyalar Qozog‘istonlik yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Yurtimizda tarixga chuqur ehtirom va bugungi kunga bo‘lgan shukronalik hissini xalqimiz va yoshlar ongida yanada mustahkamlashga qaratilgan oqilona siyosat va uning negizida amalga oshirilayotgan amaliy ishlarga yuqori baho bergan mehmonlar kelgusida o‘zbekistonlik bilimli yoshlar bilan o‘zaro tajriba almashish hususida o‘zlarining fikr va mulohazalarini bildirishdi. Sayohat chog‘ida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha ma’lumotlar olishdi.