Ayniqsa, tarixiy bilimlarni mustahkamlash va chuqurroq o‘rganishga bo‘lgan talab yil sayin ortib bormoqda. Ta’kidlash joizki, yurtimizga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar albatta poytaxtimizdagi “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hamda uning tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyini katta qiziqish bilan tomosha qilib, o‘zlarining dil izhorlarini yozib qoldiradilar.
Jumladan, kuni kecha poytaxtimizda mehmon bo‘lib turgan Xitoy Mudofaa vazirligi tibbiyot mutaxassislaridan iborat delegatsiya ham ushbu maskanga sayohat qilishdi. Tarix va bugunni bog‘lab turuvchi mustahkam ko‘prik vazifasini o‘tab kelayotgan “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi chin ma’noda insonlar qalbida do‘stlik va insoniylik fazilatlarini mustahkamlash, ajdodlarimizning bosib o‘tgan ibratli hayot yo‘llaridan o‘rnak va namuna olishdek azaliy qadriyatlarni asrab-avaylashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Xitoylik mehmonlar ham ushbu majmua faoliyati bilan tanishar ekan, Ikkinchi jahon urushi davrida O‘zbekiston xalqining naqadar oliyjanob, bag‘rikeng va fidoiy bo‘lganliklarini ta’kidlab, o‘zlarining ushbu maskandan olgan taassurotlarini yozib qoldirishdi.