Ajdodlarimizning jasorati va vatanga bo‘lgan sadoqatidan so‘zlovchi ushbu maskan, so‘nggi yillarda bo‘lajak yosh vatan himoyachilarining o‘z ona diyorini, jonajon vatanini himoya qilishdek sharafli vazifani sidqidildan ado etish maqsadida tantanali va’da berish maydoniga aylandi. Jumladan, Toshkent shahar Milliy gvardiya umumta’lim maktablaridagi harbiy vatanparvarlik sinflarining yosh gvardiyachilari uchun ham ushbu majmuada tantanali va’da berish tadbiri o‘tkazildi. Ko‘zlarida bugungi tinch va osuda kunlarga bo‘lgan shukronalik, ertangi kunga bo‘lgan ishonch namoyon bo‘lgan bolajonlar tantanali va’da berar ekan, ajdodlarimizning xaqiqiy munosib vorislari ekanini e’tirof etish mumkin.
– Men bugun tantanali va’da berar ekanman, vatanim sarhadlarini qo‘riqlash, xalqim va yaqinlarim havfsizligini ta’minlash sharafli burch ekanini kuchliroq his qildim deydi, – Yunusobod tumanidagi 58-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining 7-harbiy vatanparvarlik sinfi o‘quvchisi Qurbonov Sardor.
Darhaqiqat, vatan muqaddas va azizdir. Uning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash shu zaminda yashayotgan har bir insonning muqaddas burchidir. Shunday ekan, bugun kindik qoni to‘kilgan ona zaminni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga tantanali va’da berayotgan bo‘lajak harbiylar esa, chin ma’noda vatanni qo‘riqlashga shay mard va jasur o‘g‘lonlardir.