Ayollari e’zoz topgan yurt
Ayollari e’zoz topgan yurt
Ayollari e’zoz topgan yurt
Buxoro viloyatining 200 nafarga yaqin faol xotin-qizlari, nuroniy onaxonlari uchun poytaxtimiz Toshkentga madaniy xordiq chiqarishlari uchun sayohat uyushtirildi. Buxoro viloyatining tuman va qishloqlarida istiqomat qilayotgan moʻtabar onaxonlar, munisa ayollarga mazmunli va qiziqarli lahzalarni tuhfa etgan ushbu sayohat chog‘ida ular “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.

        Ushbu majmua hamda “Shon-sharaf” davlat muzeyi mehmonlarda katta taassurot uyg‘otdi.
        – Muhtaram Yurtboshimizning takliflariga binoan uyushtirilgan ushbu sayohat bizni juda quvontirdi. Men bugun judayam hayajondaman, –deydi ko‘zlarida shukronalik ufurib turgan 73 yoshli Jumagul aya Mehmonovna.         Mening otam Mehmon Jumayev ham 1941-yil Ikkinchi jahon urushiga yo‘l olib, 1945-yil bir oyog‘idan ayrilib O‘zbekistonga qaytgan. “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga kirar ekanmiz, ajdodlarimizning naqadar vatanparvar, fidoiy va mardligi, ularning jasorati bilan bog‘liq ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Bugungi sayohat biz ayollarga judayam baxtiyor onlarni hadya etdi. Yurtimizda xotin-qizlarga qaratilayotgan yuksak e’tibordan minnatdormiz. Yurtimiz tinchligi abadiy bo‘lsin.
        Ha, mamlakatimizda ayollar manfaati, huquq va erkinliklarini ta’minlash davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Shunday ekan, ularning baxtiyor va farovon turmush kechirishlari, ma’naviy, moddiy va madaniy jihatdan qo‘llab-quvvatlanayotganliklari, azaliy qadriyatlarimizning davomiyligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, ayollari e’zoz topgan yurtda go‘zallik va nafosat, tinchlik va farovonlik, fayzu baraka doimo o‘z aksini ko‘rsatadi.


Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatga xabar
berish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing