Yakuniy bosqichda sakkiz nafar harbiy xizmatchi uchta — o‘zbek adabiyoti, jahon adabiyoti, keltirilgan parchalardan asar nomi va muallifini topish shartlari bo‘yicha bellashdilar. Tanlov shartlarini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari baholab bordi. O‘zbek adabiyotining bilimdonlari ko‘pligi tabiiy, ammo harbiy xizmatchilar orasida jahon adabiyotining ham bilimdonlari ko‘pligi quvonarlidir. Ayniqsa, Ernest Heminguyey, Erix Mariya Remark asarlari tahlilini tinglash hayratlanarli. Ishtirokchilar biri biridan zukko, biri biridan dono. Shu sababli ham birinchi o‘rin sohibini topish qiyin bo‘ldi. Tanlov o‘z nomi bilan tanlov. Kichik serjant Shohruh Sagindikov va shartnoma bo‘yicha harbiy xizmat oddiy askari Nurali Mo‘minov eng yuqori balni to‘plashdi. Shunday qilib tanlov natijalariga ko‘ra, kapitan Sanjar Safarov (Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi) faxrli uchinchi o‘ringa munosib topildi. Ikkinchi o‘rin kichik serjant Shohruh Sagindikovga (Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi) nasib etdi. Birinchi o‘rinni esa shartnoma bo‘yicha harbiy xizmat oddiy askari Nurali Mo‘minov (Markaziy harbiy okrug) egalladi. Gʻoliblar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.