U “Kazbek” taxallusi ostida dushmanga qarshi partizanlar razvedka otryadi bilan qahramonona jang qilgan. Gʻanim qo‘shinlariga zarba berishdan aslo to‘xtamagan. Nasistlar qo‘mondonligi «Kazbek»ning boshi uchun ko‘p miqdorda gonorar, dala hovli va ta’til va’da qilgani ham bor gap. O‘zbek o‘g‘loni dushmanga qanchalik muammo tug‘dirganligini shundan ham anglash qiyin emas.
Faxr bilan e’tirof etish joiz, oradan ancha yillar o‘tgan bo‘lsada, Mamadali Topivoldiyev Ikkinchi jahon urushi davrida Belarus xalqining xaloskori sifatida hali-hanuzgacha tillarda doston bo‘lib kelmoqda.
Poytaxtimizda joylashgan “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga Belorus Respublikasining Kruglyansk tumani tarix-o‘lkashunoslik muzeyi xodimlari hamda Ikkinchi jahon urushi qahramoni uchun qadrdon bo‘lgan Anna Rilkovaning oila a’zolari tashrif buyurdi. Dastavval mehmonlar “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hamda “Shon-sharaf” davlat muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuv chog‘ida majmua rahbariyati hamda “Shon-sharaf” davlat muzeyi mutaxassislari bilan dildan suhbat qurgan mehmonlar, ushbu maskan faoliyatiga yuqori baho berib, yig‘ilganlarga Mamadali Topivoldiyev bilan bog‘liq ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarni so‘zlab berdi.
Bilamizki, Ikkinchi jahon urushi dunyo halqlari boshiga mudhish kunlarni solgan. Mana shunday kunlarda buyuk g‘alabaga erishishda Mamadali Topvoldiyev kabi millionlab o‘zbekning dovyurak o‘g‘lonlari jasorat ko‘rsatganligi barchamizga ma’lum. Buning uchun ularning porloq xotirasi oldida bosh egamiz.
Uchrashuv so‘ngida qahramonimiz Mamadali Topivoldiyev haqidagi yangi ma’lumotlar va qiziqarli voqealar haqida almashilgan fikrlar uchun majmua mutasaddilari tomonidan belaruslik mehmonlarga minnatdorlik bildirildi hamda mehmonlarga Mudofaa vazirining esdalik sovg‘alari topshirildi.