O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ko‘rsatmasi bilan Qurolli Kuchlar tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralar tomonidan viloyat, tuman, shaharlar sektorlari kesimida respublikamizdagi jami 4 million yoshlar otaliqa olindi. Ular bilan muntazam uchrashuvlar tashkillashtirilib, murojaatlari bo‘yicha to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirilmoqda.
Kuni kecha “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasida mudofaa vaziri o‘rinbosari, Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, faxriylar, harbiy xizmatchilar, Olmazor tumani yoshlari hamda aholisi ishtirokida “General va yoshlar uchrashuvi” tashkillashtirildi. Tadbir davomida yosh sportchilarimiz, “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari erishayotgan yutuqlar e’tirof etildi. Davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, bu kabi yutuqlardan har bir yosh o‘rnak olishi, ular ham bunday e’tirofga loyiq ekanligi ta’kidlandi.
“General va yoshlar uchrashuvi” qaysidir ma’noda davra suhbati ruhida o‘tib, Olmazor tumani yoshlari hamda aholisi o‘zlarini qiziqtirgan savollar hamda takliflari bilan murojaat qilishdi. Olmazor tumani 15-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Asliddin Abdumalikov, o‘zini Muhabbat aya deb tanishtirgan onaxon, ikki nafar farzandini sport to‘garagiga joylashtirishda amaliy yordam so‘ragan Dilbar Xudoyberdiyeva va boshqalarga murojaatlar bo‘yicha amaliy ko‘mak beriladigan bo‘ldi. Bu murojaatlar Mudofaa vazirligi va Toshkent shahar hamkorligida ijobiy hal etilishi ta’kidlandi.
“General va yoshlar uchrashuvi” dasturi “Vatan tayanchi” otryadining yutuqlarini ifodalovchi videorolik, harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan jadidlar haqidagi sahna chiqishi, Isabay Turemuradov tomonidan Vatan himoyachilariga bag‘ishlab ijro etilgan qo‘shiq, “Shon-sharaf” muzeyi bo‘ylab uyushtilgan ekskursiya bilan yanada esda qolarli bo‘ldi