Birgina Mudofaa vazirligi huzuridagi “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hamda uninig tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi chin ma’noda nafaqat, yurtdoshlarimiz, balki, xorijiy mehmonlarning ham qutlug‘ maskaniga aylanib ulgurdi. Ayniqsa, ushbu majmua yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu maskanda faoliyat yuritayotgan harbiylar hamda Qurolli Kuchlar ishchi va xizmatchilari ham “Shon-sharaf” davlat muzeyi faoliyatini yanada rivojlantirishda munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar.
18-may Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi huzuridagi “Shon-sharaf” davlat muzeyida tantanali bayram dasturi tashkil etildi. Majmua rahbariyati hamda so‘z olganlar yurtimizda olib borilayotgan izchil islohotlar tufayli mamlakatimizdagi mavjud muzeylar faoliyatini yanada rivojlantirish borasida olib borilayotgan samarali ishlar, erishilgan yutuqlarga alohida to‘xtaldi. Bayram munosabati bilan bir guruh soha mutaxassilari rag‘batlantirildi.
Shuningdek, tadbirda “MSTTF-2024” Mudofaa sohasida innovatsion texnologiyalar festivalida faol ishtirok etgan, shu bilan birga, yurtimizda keng nishonlangan 9-may – Xotira va qadrlash kunini nishonlash bilan bog‘liq tashkiliy ishlarda samarali mehnat qilgan harbiy xizmatchilar hamda Qurolli Kuchlar ishchi va xizmatchilarining bir guruhiga Mudofaa vazirining “Namunali xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni, faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.
– Men judayam mamnunman, sababi kamtarona xizmatlarim munosib qadr topib, e’tirof etildi. Bu kabi yutuqlar men va kasbdoshlarimga o‘zgacha ko‘tariki kayfiyat hamda g‘urur bag‘ishlaydi. Kelgusidagi faoliyatimiz mobaynida yanada shijoat va g‘ayrat bilan samarali mehnat qilishga undaydi,–deydi faxr bilan Mudofaa vazirining “Namunali xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan “Shon-Sharaf” davlat muzeyi “Ko‘chma ko‘rgazmalar” bo‘limi bosh mutaxasisi Nosirov Jumaboy Jo‘raboyevich.
Darhaqiqat, tarix va bugunni bog‘lab turuvchi ko‘prik vazifasini o‘tab kelayotgan ushbu majmua Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan mard va jasur ajdodlarimizning vatan tinchligini asrash yo‘lida ko‘rsatgan qahramonligi, insonparvarligi hamda ularning boshidan kechirgan ayanchli kunlari haqida hikoya qiladi. Bugungi tinch va osoyishta kunlarimiz uchun o‘z jonidan kechgan fidoiy insonlarni ona vatan aslo unutmaydi. Bugungi kunda ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish yo‘lida xizmat qilayotgan barcha soha vakillarini 18-may –Xalqaro muzeylar kuni bilan muborakbod etamiz.