Jumladan, 3 ming yildan ortiq tarixga ega bo‘lgan uyg‘onish ayyomi bo‘lmish Navro‘zi olamda barcha insonlar bir-birlariga mehr-oqibatli, saxovatli, ayniqsa, keksalar holidan xabar olishdek chin insoniylik fazilatlarini yanada ko‘proq namoyon etishadi. Jumladan, ushbu ayyom munosabati bilan poytaxtimizda joylashgan “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hamda uning tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyida qator ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun ushbu maskan jamoasi hamjihatlikda doshqozonda sumalak tayyorlab, keksa onaxonu-otaxonlarga hamda majmua jamoasiga tortiq qilishdi. Navro‘z bayramida arafasida tayyorlanadigan sumalak faqatgina tansiq taom bo‘libgina qolmay, unda insonning barcha yaxshi orzu-umidlari, niyatlari mujassamlashadi.
– Bugun barcha hamkasblarimiz qalbida quvonch va o‘zgacha shijoat. Sababi, Yangilanish va nafosat bayrami Navro‘zi olam yaqinlashishi munsabati bilan sumalak tayyorladik va barchaga ulashdik. Ushbu qadimiy taom nafaqat insonga quvvat beradi, balki, ajdodlarimizdan bizga me’ros bo‘lib kelayotgan insoniylik, hamjihatlik va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyatli ekani bilan ajralib turadi. Majmuamizda har yili sumalak saylini o‘tkazish an’anaga aylanib ulgurdi, – deydi “Shon-sharaf” davlat muzeyi kuzatuvchilari guruhi rahbari, Majmuaning kasaba uyushma raisi Anarboyeva Gulchehra Alimovna.
Darhaqiqat, ko‘p yillik tarixga ega bo‘lgan Navro‘zi olam nafaqat yurtimizda, balki Ozarbayjon, Pokiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Albaniya, Bahrayn, Eron, Hindiston, Iroq, Livan, Suriya, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va Rossiyaning ayrim mintaqalarida ham keng nishonlanadi. Bu esa, o‘z navbatida davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni, o‘zaro mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.