Shunday ekan, bugungi kunda yurtimizda ajdodlarimizninig bosib o‘tgan sharafli va shonli yo‘lini chuqurroq o‘rganish va anglash, ular haqidagi ma’lumotlarni aniq faktlar bilan targ‘ib qilish orqali yoshlarni vatanga munosib tarzda voyaga yetishlari uchun muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, poytaxtimizdagi “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi ana shu kabi ezgu maqsadlar yo‘lida qad rostladi. Ushbu maskan nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik tashrif buyuruvchilarda ham katta taassurot uyg‘otmoqda.
Jumladan, Rossiyalik jurnalist, Novosibirskdagi FM xabarlari radiokanali bosh redaktori, “Sharq ekspressi –24” portalining Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha jurnalisti Uvarov Pyotr Aleksandrovich ham bu borada o‘z fikrlarini to‘lqinlanib gapirdi.
– Ushbu majmua faoliyati bilan tanishar ekanman, O‘zbekiston xalqining naqadar fidoiy, oliyjanob hamda vatanparvar ekaniga yana bir bor amin bo‘ldim. Ayniqsa, “Shon-sharaf” davlat muzeyidan joy olgan Ikkinchi jahon urushi davrida O‘zbekiston xalqining ko‘rsatgan jasorati bilan bog‘liq ma’lumotlar, eksponatlar meni hayratga soldi. Ushbu maskan nafaqat, tarixni yodga olish, ajdodlarga bo‘lgan chuqur ehtirom ramzi, balki, yosh avlodni komil va vatanga munosib vorislar bo‘lib shakllanishida muhim ahamiyatga kasb etadi. Biz kelgusida ham albatta “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hamda “Shon-sharaf” davlat muzeyi bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlab, O‘zbekiston xalqining haqiqiy qahramonlari, fidoiylari to‘g‘risidagi noyob ma’lumotlarni xorijiy nashrlarda ham chop etib, ularning ona vatanga bo‘lgan sadoqati hamda oliyjanobligi haqidagi ma’lumotlardan butun dunyo yoshlari o‘rnak olsa arziydi,–deydi jurnalist.
Darhaqiqat, tarix va bugunni bog‘lab turuvchi ko‘prik vazifasini o‘tayotgan ushbu majmuaga kirar ekansiz, har bir eksponat va ekspozisiyalar vatan naqadar aziz va muqaddas ekani, Ikkinchi jahon urushi davrida dunyo xalqlarining boshiga tushgan mudhish kunlar, inson qadri naqadar toptalgani, begunoh insonlarning boshiga tushgan adolatsizliklar, mushtipar onalaru, beva qolgan munisa ayollarning ayanchli qismatidan yonib so‘zlayotgandek go‘yo. Ona yurt tinchligi uchun o‘z shirin jonidan kechgan fidoiylarni ona vatan aslo unutmaydi.