Yurtimizda har yili 9-may Xotira va qadrlash kuni sifatida keng nishonlanadi. Buning zamirida esa, o‘tmishda vatan tinchligi uchun o‘z shirin jonidan kechgan mard va jasur ajdodlarimizni yod etish, ularning xotirasini abadiylashtirish, shuningdek, bugungi kunda mazmunli hayot kechirayotgan urush faxriylarini e’zozlash, qolaversa, ularning ibratli hayot yo‘llarini yoshlar ongiga singdirish orqali vatanga munosib avlodlarni tarbiyalashdan iboratdir. Poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi esa, chin ma’noda yuqoridagi ezgu ishlarni amalga oshirishda eng muhim omildir. Ushbu maskan bugun ham ertamiz egalari bilan gavjum.
– Biz juda ham baxtli bolalarmiz,– “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga kirgan har bir tengdoshimiz men kabi ajdodlarimizdan faxrlangan bo‘lsa kerak. Chunki, bu yerdagi eksponatlarni ko‘rib hayratga tushdim va jang maydonlaridagi holat, tinchlik uchun kurashgan fidoiylarning boshidan kechirganlari ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ldi. Tinchligimiz abadiy bo‘lsin, –deydi Azia Kids School maktabining 1- sinf o‘quvchisi, Boburbek Xoshimov.
Faxr bilan aytish joizki, bugun majmuaga tashrif buyurgan jajji bolajonlar vatanni madh etuvchi turli xil sahna ko‘rinishlari hamda kuy va qo‘shiqlarni ijro etib barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashmoqda. Ularning bu shijoati ertangi kunga bo‘lgan ishonchdan dalolatdir.