Bu borada majmua hamda uning tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyida Ikkinchi jahon urushida O‘zbekiston xalqining ko‘rsatgan mardligi va jasorati, ayniqsa, front ortidagi oliyjanobligi va insonparvarligi bilan bog‘liq noyob materiallar hamda ma’lumotlar bilan yoshlarni yanada yaqinroq tanishtirish, shuningdek “Shon-sharaf” davlat muzeyi fondini boyitish, ilmiy izlanishlar olib borish istagi bo‘lgan talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bugungi kunda yurtimizning qator Oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib, amaldagi ishlar o‘z samarasini bermoqda. Jumladan, joriy yilning 6–aprel kuni “Shon-sharaf” davlat muzeyida O‘zbekiston Milliy Universiteti tarix fakulteti hamda Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi talabalari ishtirokida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Unda mutaxassislar tomonidan Ikkinchi jahon urushi davrida ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqining Gʻalabaga qo‘shgan beqiyos hissasi hamda fidoiyligi bilan bog‘liq ko‘plab ma’lumotlar berildi. Ayniqsa, “Shon-sharaf” davlat muzeyida amaliyot o‘tash istagi bo‘lgan talabalarga keng imkoniyatlar yaratib berilgani yoshlarga yanada shijoat bag‘ishladi. Mazmunli va samarali kechgan uchrashuvda talabalar Majmua hamda “Shon-sharaf” davlat muzeyi bo‘ylab tarixga sayohat qildilar.