Joriy yilninig 20-24 fevral kunlari Hindiston Respublikasi Mudofaani boshqarish kolledji Oliy kursi harbiylaridan iborat delegatsiya yurtimizga tashrif buyurdi. Tashrif chog‘ida mehmonlar “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
–O‘zbekiston xalqi azaldan mehmondo‘st va saxovatli xalqlardan sanaladi. “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi faoliyati bilan yaqindan tanishar ekansiz, yuqoridagi fikrimizning isboti aks etganini ko‘rishingiz mumkin. Tinchlik uchun kurashib o‘z jonini fido qilgan insonlar millatning faxri va tayanchi hisoblanadi. Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi yillarida turli millat vakillari hamda yetim bolalarga ko‘rsatilgan muruvvat chin ma’noda o‘zbek xalqining chinnakam oliyjanobligi va mehridaryoligidan dalolat beradi. O‘ylaymanki, ushbu majmua bugungi o‘sib kelayotgan yosh avlodga o‘rnak va namuna sifatida xizmat qiladi, –deydi delegatsiya rahbari General Inderpal Sinx Seti.
Darhaqiqat, tarix va bugunni bog‘lab turuvchi ushba majmua nafaqat yurtoshlarimiz balki, xorijlik mehmonlarda ham katta taassurot uyg‘otmoqda. Bu esa, o‘z navbatida vatan naqadar muqaddas go‘sha ekani, uni asrab-avaylash har bir insonning muqaddas burchi ekanini chuqurroq anglashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.