Tadbirda Toshkent harbiy prokuraturasi xodimlari, Milliy Akademik drama teatri aktyorlari, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimlari, yozuvchi va shoirlar hamda yoshlar ishtirok etdi.
Ko‘tarinki ruhda tashkil etilgan kechada yozuvchi, shoirlar hamda aktyorlar tomonidan Zahiriddin Muhammad Bobur hamda Alisher Navoiyning hayoti va ijodidan namunalar o‘qilib, san’atkorlar tomonidan ularning noyob g‘azallariga bastalangan kuylar zo‘r mahorat bilan ijro etildi. Xususan, “Turon” davlat harbiy teatri aktyorlari tomonidan buyuk bobokalonlarmizning xayot yo‘lini o‘zida namoyon etgan sahna ko‘rinishlari namoyishi barchaga birdek manzur bo‘ldi.
Ta’kidlash kerakki, buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy hamda yirik davlat arbobi va sarkarda Zahiriddin Muhammad Boburning bebaho ilmiy-ijodiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi. Ular o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam o‘rin egallagan.
So‘nggi yillarda Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Boburning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, ularning o‘lmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bu o‘z navbatida yoshlarni ajdodlar qoldirgan boy va madaniy me’roslarni qadriga yetish hamda vatanga sodiq va komil inson bo‘lib kamol topishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilarga “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi rahbariyati tomonidan Ikkinchi jahon urushi davrida vatan tinchligin himoya qilib, jasorat ko‘rsatgan yurtdoshlarimizning hayot yo‘lidan hikoya qiluvchi nodir kitoblar esdalik sifatida taqdim etildi.