Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Keksalar haftaligi” Uch avlod uchrashuvi doirasida tashkil etilmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Keksalar haftaligi” Uch avlod uchrashuvi doirasida tashkil etilmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Keksalar haftaligi” Uch avlod uchrashuvi doirasida tashkil etilmoqda
Mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanayotgan “Keksalar haftaligi”  Qoraqalpog‘iston Respublikasida ko‘tarinki ruhda tashkil etilmoqda.

        Jumladan, Mudofaa vazirligi huzuridagi  “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, Shimoli-g‘arbiy harbiy okruk qo‘mondonligi hamda O‘zbekiston “VETERAN” Jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasi hamkorligida o‘tkazilayotgan ushbu haftalik uch avlod uchrashuvi  doirasida bo‘lib o‘tmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab tashkil etilgan  uchrashuvlar dastavval Nukus shahrida joylashgan 24-umumta’lim maktabida harbiy vatanparvarlik ruhida o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi,  “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassislarini tayyorlash markazi,  Jamoatchilik kengashi, Qurolli kuchlar faxriylari hamda o‘quvchi yoshlar ishtirokida o‘tkazildi. So‘z olganlar yurtimizda keksa avlod vakillariga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek keksa va nuroniylarning bosib o‘tgan ibratli xayot yo‘llarini ertamiz egalariga ibrat va namuna sifatida ko‘rsatish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar yoshlarni vatanga munosib komil insonlar bo‘lib voyaga yetishlarida muhim ahamiyat kasb etayotgani hususida fikr va mulohazalar bildirishdi.  Qalbida ertangi kunga bo‘lgan ishonch, ko‘zlarida ona vatanga bo‘lgan mehr va muhabbat tuyg‘ulari namoyon bo‘lib turgan bolajonlar o‘z ijodlaridan namunalar o‘qishdi. Ayniqsa, “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatining faollari tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar barchaga quvonch ulashdi. Shundan so‘ng, bir qator keksa faxriylarga tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbir so‘ngida ishtirokchilar Nukus shahrida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Qadirbay ota Narmanov xonadonida bo‘lib dildan suhbat qurishdi.
–  Aziz farzandlarim, vatan muqaddas dargoh, uning tinchligi va farovonligini sadoqat bilan himoya qiling, bugun sizlar uchun barcha imkoniyatlar eshigi ochiq, bilim oling, tinchlikni qadriga yeting, jonajon vatanimizga munosib farzand bo‘lishingizga ishonamiz,–deydi ko‘zida quvonch yoshlarini yashira olmagan otaxon. 
Darhaqiqat, yurtimizda keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan e’tibor, yoshlarni o‘tmish va bugunni bog‘lab turuvchi ko‘p asirlik milliy qadriyat va an’analarimizga sodiq qolgan holda tarbiyalashda olib borilayotgan amaliy ishlar mustahkam kelajakni barpo etishda dasturil amal bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz. Bu kabi tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining tuman va qishloqlarida davom etmoqda.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatga xabar
berish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing