Erta tongdan ushbu majmuaning har bir hududida hamda “Shon-Sharaf” davlat muzeyida eksponatlarni hayrat bilan ko‘zdan kechirayotgan xorijlik mehmonlarga ko‘zim tushdi. Beixtyor ularninig suhbati meni o‘ziga tortdi.
– O‘zbekistonliklarninig shu qadar samimiy va mehmondo‘st xalqlardan ekanligi xaqida eshitgan edim ammo, Ikkinchi jahon urushi yillarida ko‘rsatgan jasorati, oliyjanobligi xaqidagi ma’lumotlar meni hayratga soldi, – deya so‘zlayotgan edi ulardan biri. Beixtiyor ular bilan suhbat qurdim.
– Men Germaniyaning Drezden shahrida yashayman, ukam esa, Rossiyaning Moskva shahrida istiqomat qiladi. O‘zbekistonga bo‘lgan sayohatimiz kutilmagan lahzalarga boy bo‘ldi. Ayniqsa, bizga “Gʻalaba bog‘i” majmuasi hamda “Shon-sharaf” davlat muzeyi tarixga sayohat qilish imkonini berdi, tinchlik bebaho ne’mat ekanligini yanada chuqurroq his etdik, –deya hayajon ila o‘z fikrlarini bayon etdi aka-uka Marchenkolar. Darhaqiqat, ushbu yodgorlik majmuasini barpo etishdan ko‘zlangan maqsad ham millatlar va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, shuningdek, vatan tinchligi uchun jonini fido qilgan buyuk ajdodlarimizning xotirasini abadiylashtirish, shu bilan birga, yosh avlodning vatanparvarlik ruhida kamol topishi uchun zamin yaratishdan iborat edi. Alohida ta’kidlash kerakki, mazkur majmua bugun ana shu kabi ezgu maqsadlar yo‘lida xizmat qilmoqda.