Unda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlar mas’ul ofiserlar, keng jamoatchilik vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, mazkur kitob-albom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 22 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoyishiga asosan o‘tgan davrda Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya hamda Davlat bojxona qo‘mitalarining erishgan yutuqlarini o‘z ichiga olgan. Tadbir avvalida Mudofaa vazirligi Kadrlar Bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Akmal Ortiqov so‘zga chiqib, Ushbu kitob-albomining tashkiliy ilmiy-ijodiy guruhini shakllantirish va uning ishini muvofiqlashtirish, kitob-albom rejasi va konsepsiyasini yaratishda faol ishtirok etgan ishchi guruh a’zolariga minnatdorchilik bildirib, bugungi kunda yurtimizda Qurolli Kuchlar tizimida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, tariximizdagi eng murakkab davr bo‘lgan mustaqillikni qo‘lga kiritgan ilk davrda mamlakat xavfsizligini ta’minlashga qodir armiyani yaratish yo‘lida amalga oshirilgan salmoqli ishlar hususida so‘z yuritdi.
Tadbir davomida Mazkur kitob-albomni yaratishda ishtirok etgan vazirlik va idoralar vakillari, fahriy mehmonlar, taqrizchilar hamda mualliflarga “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 30 yil” kitob-albomi taqdim etildi. Tadbir so‘ngida Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan vatanni madh etuvchi kuy va qo‘shiqlar ijro etildi.