Tadbirni mudofaa vazirining madaniy ishlar boʻyicha maslahatchisi – “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majumasi boshligʻi polkovnik Shuhrat Yusupov kirish soʻzi bilan ochdi.
Yigʻilishda “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasini harbiy tarix, buyuk ajdodlarimiz qahramonligini oʻrganish boʻyicha ilmiy markazga aylantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligiga belgilangan mavzulardagi maqsadli va amaliy ilmiy loyihalarni taqdim etish, mustaqil-tadqiqotchilarni qabul qilish, ularning mavzulari va ilmiy rahbarlarini tasdiqlash borasida amalga oshirilish lozim boʻlgan masalalar koʻrib chiqildi.
Tadbirda “Shon-sharaf” (dayjest) nomli ilmiy-ommabop jurnalini joriy qilish yuzasidan tushgan taklif va tavsiyalar, bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.
Tadbir davomida ilmiy kengash aʼzolari tomonidan koʻp millatli Oʻzbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan erishilgan buyuk gʻalabaga qoʻshgan hissasini ilmiy tadqiq etish bilan bogʻliq loyiha va masalalar oʻrganilib, tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.
Shuningdek, 2021-yil 30-aprelda oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo xalqlari tarixi va xotirasida Ikkkinchi jahon urushi: voqealar, ishtirokchilar, ramzlar” mavzusida tashkil etilgan Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada muhokama qilingan ishlarning amaliy natijasi xususida ham maʼlumotlar berildi.
Ilmiy kengash yigʻilishi soʻngida “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasini harbiy tarix, buyuk ajdodlarimiz qahramonligini oʻrganish boʻyicha ilmiy markazga aylantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar qoniqarli deb topilib, “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyining ilmiy kengash nizomi, tarkibi hamda ish rejasi qabul qilindi.