“Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi yurtdoshlarimizning sevimli maskaniga aylanib ulgurdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat, sport va turizm sohasida faoliyat yuritayotgan bir guruh xodimlar uchun “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hamda uning tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyiga sayohat uyushtirildi. – O‘zimizni huddi tarixga sayohat qilgandek his etdik,– deya ta’kidlagan yurtdoshlarimiz ushbu maskan faoliyati bilan yaqindan tanishar ekan, o‘zlarining olgan taasurotlarini biz bilan o‘rtoqlashdi.
– Ushbu maskanga ilk bora kelishimiz. Ammo ushbu sayohat bizga bir umrga tatigulik sermazmun kunni hadya etdi desam hato bo‘lmaydi. Ota-bobolarimizning vatan tinchligini asrash yo‘lida ko‘rsatgan qahramonliklaridan so‘zlovchi eksponatlarni kuzatar ekanmiz, ko‘zlarimizdan alamli, biroq faxr ila yosh chiqdi. Fursatdan foydalanib Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalqi nomidan Muhtaram Yurtboshimizga, qolaversa ushbu maskanni bunyod etishda ishtirok etgan barcha fidoiy insonlarga chuqur minnatdorchilik bildiramiz. Ushbu majmua mamlakatimiz yoshlarini yanada vatanni sevishga, tinchlik va farovonlikni qadriga yetib, jonajon O‘zbekistonimiz mavqeini ko‘klarga ko‘tarishda o‘z hissasini qo‘shishdek ulkan mas’uliyatni his etishlarida ta'sirchan omil vazifasini o‘taydi desam mubolag‘a bo‘lmaydi, – deydi O‘zbekiston madaniyat sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi birlashgan qo‘mita raisi Jengisbay Ayapov.