Mudofaa vazirligi tomonidan Poytaxtimizning turli goʻshalarida koʻtarinki ruhda tashkil etilayotgan Yoshlar festivalini oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad ham yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va farovonlikni yanada mustahkamlashdan iboratdir. Jumladan, bugun 19-dekabr kuni Mudofaa vazirligi huzuridagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir!” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Unda poytaxtimizning barcha tumanlaridan oʻquvchi yoshlar, ota-onalar hamda keksa avlod vakillari ishtirok etdi. Festival doirasida majmua hududida zamonaviy harbiy texnikalar, qurol-aslahalar va anjomlar, zamonaviy aloqa vositalari va rabotatexnika namunalari, turli hil oʻquv parashyutlar jamlanmasi, togʻ tayyorgarligi va muhandislik jihozlari namoyish etildi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti klublarining harbiy-texnika va sport imkoniyatlari koʻrgazmalari bolajaonlarda oʻzgacha taassurot qoldirdi. Ayniqsa, xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, yurtimiz sharafini himoya qilib kelayotgan kinologlarning chiqishlari barchani xayratda qoldirdi. Koʻtarinki ruhda tashkil etilgan ushbu tadbirda harbiy xizmatchilarning qurol bilan saf mashqlari va qoʻl jangi elementlari orqali bajariladigan koʻrgazmali chiqishlari yoshlarga olam-olam shijoat baxsh etdi.
– Men bugun juda hayajondaman, biz yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash yoʻlida Mudofaa vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovordir. Soʻnggi yillarda bu kabi tadbirlar tez-tez boʻlib oʻtmoqda. Bu esa, biz yoshlarga ona vatanimizni yanada sevishga, uning tinchligini asrab-avaylashga, Mustaqil va Yangi Oʻzbekistonimiz ravnaqiga oʻz hissamizni qoʻshishimiz uchun zamin yaratmoqda, – deydi festival ishtirokchisi Shavkat Ibroximov.
Barchaga unutilmas onlarni hadya etgan tadbirda Qurolli kuchlar akademiyasi harbiy orkestori jamoasi, Mudofaa vazirligi Mahsus avariya tiklash boshqarmasi “Impuls” jamoasi hamda yakkaxon xonandalar tomonidan ijro etilgan vatanni madh etuvchi kuy va qoʻshiqlar festivalni yanada koʻtarinki ruhda oʻtishiga zamin yaratdi.