Mazkur kitob 2021 yilning 9 may arafasida nashrdan chiqqan bo‘lib, undagi noyob ma’lumotlar esa, Gʻaybiddin Fazliyev, Majid Samadov, Iskandar Rahmon, Muqaddas Abdusamatova, Pyotr Nagorniy, Vladimir Yevteyev kabi o‘nlab elga tanilgan jurnalist, yozuvchi, ziyoli olimlar, shuningdek Alijon Safarov, Inobat Ibroximova, Zulfiya Yunusova kabi harbiy jurnalistlar, hamda urush qatnashchilarining yaqinlari tomonidan taqdim etildi.
Tadbirda mazkur kitob yaratilishi bilan bog‘liq ma’lumotlar “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi rahbariyati tomonidan ishtirokchilarga yetkazildi.
– Ushbu kitobni yaratishdan ko‘zlangan asosiy maqsad nafaqat o‘zbekistonlik qahramon unvoniga sazovor bo‘lgan yurtdoshlarimiz, balki ushbu qonli urush maydonlarida qon kechgan, shijoatli, mard, fidokor boshqa oddiy insonlar, ya’ni o‘zbekistonlik barcha jangchilarimizning kechinmalari, qalb tug‘yonlari aks etgan hikoyalari bilan tanishish, urushda ishtirok etib vatan sarhadlarini himoya qilishning o‘zi ham ulkan qahramonlik ekanligini his etish, ularning shijoatidan faxrlanish va ajdodlarga munosib bo‘lish biz uchun ham sharaf, ham mas’uliyat yuklaydi,– deydi “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi boshlig‘i Polkovnik Shuxrat Yusupov.
Tadbir davomida “Xotiralardan o‘rin olgan tarix” kitobi Alisher Navoiy nomli O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondiga taqdim etildi.