LEVITANNI QOʻRIQLAGAN OʻZBEK OʻGʻLONI
LEVITANNI QOʻRIQLAGAN OʻZBEK OʻGʻLONI
LEVITANNI QOʻRIQLAGAN OʻZBEK OʻGʻLONI
“Gʻalaba bogʻi” jamoasi Navoiylik otaxon xolidan xabar olishdi.

       Oradan qariyb 80 yil oʻtsada mashʼum urushning daxshatlari xozir ham qalblarni larzaga soladi. Ikkinchi jahon urushida yurtdoshlarimiz nafaqat janglarda yurt tinchligi, xalq farovonligi uchun mardonavor kurash olib bordi, balki, front ortida ham jasorat koʻrsatib, buyuk gʻalabaga munosib hissa qoʻshdi. Navoiy viloyatining Karmana tumani Yangiariq qishlogʻida istiqomat qilayotgan Saydulla ota Yuldoshev ham ana shunday jonkuyar, fidoyi insonlardan. Bugun sal kam 100 yoshni qoralagan qahramonimiz Saydulla ota Yuldoshevning  Mudofaa vazirligi  huzuridagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi jamoasining tashrifidan boshi osmonga yetdi.

        Oʻrganilgan maʼlumotlarga koʻra: Saydulla Yuldashev 1942-yilning sentyabr oyida Navoiy viloyati, Karmana tumani, Yangi-ariq qishlogʻidan harbiy xizmatga chaqirilgan. Saydulla Yuldashev 1942-dan 1949-yilga qadar Ichki shilar xalq komissariyatiga qarashlib 236-polkida plumyotchi boʻlib xizmat qilgan. Ushbu polk Moskva – Sokolnikida joylashgan boʻlib, eshelonlarni, Moskva viloyatida qatnovchi harbiy va davlat ahamiyatiga ega boʻlgan yuklarni Luneva, Mashkinoda, Kunseva hamda, Odinsovadagi oʻta muhim boʻlgan obyektlarni qoʻriqlagan. Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi yillarida, bir qator maxsus obyektlardan jami 6000 nafar harbiy asirlarni, harbiy gospitaldagi yaradorlarni, Butirsk, Tagansk, Lefortovsk qamoqxonalari maxbuslarini, shuningdek, Olenino shahridagi-lagerdan 2006 nafar harbiy asirlarni manzillarga yetkazida xavfsizlikni taʼminlagan. Urush oʻz nomi bilan urush. Har qadamda dushman aviatsiyasi zarbalari, dushman hujumlari, diversantlar, josuslar  hamlalari berilgan vazifani bajarishga kirishgan qorovul qoʻshinlarining 236- polki harbiy xizmatchilari uchun ham xafli edi. Manzillarda minglab harbiylar yaralangan, halok boʻlgan. Ana shunday oʻta ogʻir va murakkab vaziyatlar boʻlishiga qaramay, vatan oldidagi yigitlik burchini sidqidildan ado etgan Saydulla Yuldoshev aslo ortga chekinmadi.  Fashistlarga qarshi kurashda jon olib jon berayotgan yurtdoshlarimizning front orti taʼminotini taʼminlashda munosib hissa qoʻshdi. Ikkinchi jahon urushi tugagach, bir qator shaharlari tozalash ishlarida ham faol ishtirok etdi.

        Taʼkidlash kerakki, Ikkinchi jahon urushi davrida oʻzining noyob ovozi bilan dushman askarlarini esankiratgan mashhur jurnalist Yuriy Levitanning xavfsizligini taʼminlashda oʻz hissasini qoʻshgan Saydulla Yuldoshev oʻsha davr bilan bogʻliq xotiralarini mehmonlarga soʻzlab berdi.

        Urushdan soʻng ham Saydulla Yuldoshev bir necha yil armiya safida xizmat qiladi. Oradan vaqt oʻtib, oʻz xayoti va faoliyatini xalq farovonligi yoʻliga baxshida qilgan qahramonimiz 10 nafar farzandni voyaga yetkazib vatanga munosib kadrlar qilib tayyorladi. Bugun nevarayu evaralar ardogʻida umrguzaronlik qilayotgan Otaxon, “Tinch va osoyishta” xayotimiz bardavom boʻlsin deya,– duoga qoʻl ochadi.

        Saydullo Yuldoshev urush yillarida koʻrsatgan fidoiyligi va matonati uchun “Germaniya ustidan qozonilgan buyuk gʻalaba uchun” kabi qator medallar bilan taqdirlangan.

    - Turmush qurganimizga 70 yildan oshdi. Shu oʻtgan davr mobaynida 10 nafar fazandni bekamu koʻst katta qilishimizda Saydulla akaning mexnatlari beqiyos. Oiladan ortib, mahallalarni farovon boʻlishida ham hammaslak boʻlgan bunday fidoiy, xalqparvar inson bilan birga keksalik gashtini surayotganimdan benihoya mamnunman,– deydi Saydulla otaning umr yoʻldoshi 92 yoshli onaxon Himmatoy Yuldosheva.

        Yillar, asrlar oʻtsada, Saydullo ota kabi vatan fidoiylarining koʻrsatgan mardligi va matonati kelajak avlodlar qalbida mangu yashayveradi.

 

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatga xabar
berish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing