Mazkur majmua o‘z faoliyatini boshlagan ilk kunlaridanoq Ikkinchi jahon urushi davrida mardlik va jasorat ko‘rsatib, buyuk Gʻalabani ta’minlashda munosib hissa qo‘shgan, shuningdek, front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirishga doir masalalar chuqur o‘rganilib, qator tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Jumladan, ikkinchi jahon urushi davri bilan bog‘liq qator kitoblarning chop etilayotganligi mazkur majmuani barpo etishdan ko‘zlangan eng oliy maqsad tomon yo‘l ochmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi-metodik markazi hamkorligida tayyorlangan kitob-albomida o‘zining maqolalari bilan faol ishtirok etgan yurtdoshlarimizga ushbu kitob-albom sovg‘a qilindi. Shuningdek, tadbirda ushbu kitobning chop etilishi bilan bog‘liq muhim masalalar muhokama qilindi. Ta’kidlash kerakki, Ikkinchi jahon urushi davrida buyuk Gʻalabani ta’minlashda munosib hissa qo‘shgan, shu bilan birga, front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish, xususan, bolalarning bag‘rikenglik bilan kutib olinishi va ularga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatilishi singari tarixiy voqealar aks etgan bu kabi kitoblarning chop etilishi yosh avlodning ma’naviy olamini yuksaltirish, ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi.