“Dolzarb 90 kun” loyihasi pedagoglar uchun juda muhim tashabbus bo‘ldi. Bolalar to‘qqiz oy davomida maktabda tahsil olgan bo‘lsa, yozgi ta’til kunlarini mazmunli, maroqli va sog‘lom o‘tkazishlari muhimdir. Maktablarida kunduzgi oromgohlar tashkil etilgan bo‘lib, sog‘lomlashtirish maydonchalari, turli hil to‘garaklar hamda yurtimizning tahsinga sazovor joylariga sayohatlar uyushtirilmoqda.
Bu esa, ertamiz egalarining ma’naviy yetuk, barkamol hamda vatanparvarlik ruhida kamol topishlari uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, poytaxtimizning Olmazor tumanidagi “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi ham deyarli har kuni bolajonlar bilan gavjum. Ushbu maskan har bir bola ko‘z o‘ngida ajdodlarimizning bosib o‘tgan ibratli xayot yo‘llari, shuningdek, Ikkinchi jahon urushi davrida xalqimiz boshiga tushgan mudhish kunlar bilan tanishish barobarida, vatan tinchligi nechog‘lik muhim va ulug‘ ne’mat ekanini his qilishlari, vatan naqadar aziz va muqaddas ekanini yanada chuqurroq anglash imkonini bermoqda.
– Bugun ustozlarimiz va sinfdosh do‘stlarim bilan “Gʻalaba bog‘i” yodgorldik majmuasiga keldik. Qalbimda qattiq hayajon, ko‘zlarimdan beixtiyor faxr ko‘z yoshlari oqdi. Sababi ushbu maskandan o‘rin olgan eksponat va ekspozisiyalarda ajdodlarimizning ayanchli taqdiri bilan birga ularning naqadar mardlik va jasurlik bilan ona vatan ostonasini qo‘riqlash uchun hatto o‘z jonidan kechganlari xaqidagi ma’lumotlar bizga qattiq ta’sir qildi. Bugungi tinch, baxtli va farovon kunlarni yanada ko‘proq qadrlashimiz kerak ekanini ushbu maskanga kelib kuchliroq his qildim,–deydi Toshkent shahri, Mirobod tumanidagi 175-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Shavkatov Ibrohimjon.
Darhaqiqat, bugungi kunda yurtimizda amalga oshirlayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamirida inson qadri, fuqarolarimizning baxtli va farovon turmush kechirishlari, qolaversa ertamiz egalarining ajdodlarimizga munosib davomchi bo‘lishlari ustuvor vazifalardandir. Bu esa, o‘z navbatida oldimizda turgan muhim masalalarni amalda tadbiq etish imkonini yaratmoqda.