Yurtimiz shonli tarixi, ajdodlarimizning yuksak jasorati, fidoiyligi va insonparvarligini yoshlar va xorijiy jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish, shu bilan birga, ertamiz egalarini vatanparvarlik ruhida kamol topishlariga hissa qo‘shish maqsadida tashkil etilgan ushbu tadbirda soha mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilar tomonidan o‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushidagi erishilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi xaqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Hususan, yurtimizga evakuatsiya qilingan bolalar va ziyolilarni qutqarishda respublika ko‘rsatgan insonparvarlik yordami, ishlab chiqarishni tashkil etish hamda armiya va aholining tibbiy ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha olib borilgan sa’y-harakatlarga alohida to‘xtaldi.
Tadbirning madaniy qismida real voqealarga asoslangan «Sen – yetim emassan» spektakli namoyish etildi. O‘zbek xalqiga xos mehr-oqibat, bag‘rikenglik va insonparvarlikni namoyon etgan ushbu sahna asari tadbir ishtirokchilarida katta taasurot qoldirdi. Shuningdek, yosh ijodkorlar tomonidan ijro etilgan vatanparvarlik qo‘shiqlari tadbir muhitini yanada boyitdi. Mazkur tadbir turli avlod vakillari o‘rtasida muloqot o‘rnatish, tarixiy merosni chuqur anglash hamda uning ma’naviy ahamiyatini qayta his etish uchun muhit yaratda.
Shu kuni “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hududida «80 Xotira daraxti» ekologik aksiyasi ham tashkil etildi. Markaz Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xodimlari, O‘zbekiston ko‘ngillilar uyushmasi, Ekologik harakati faollari, OTM talabalari, IIV akademiyasi kursantlari va maktab o‘quvchilari ishtirokida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan taqdim etilgan 80 tup manzarali ko‘chatlar majmua hududiga ekildi. Bu kabi tadbirlar yoshlarni ekologik bilim va madaniyatini yuksaltirish, ularning atrof-muhit musaffoligini ta’minlash borasidagi mas’uliyatini yanada oshirish, ma’naviy qadriyatlarimiz asosida yosh avlod ongiga tabiatni ozoda tutish va asrash kabi tushunchalarni singdirishga erishildi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.