Olmazor tumani hokimligi hamda “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu bayram tadbirida 4 mingga yaqin ertamiz egalari ishtirok etishdi. Tadbir avvalida Olmazor tumanidagi mavjud umumiy o‘rta ta’lim maktabi bitiruvchilari qizil yo‘lak bo‘ylab belgilangan manzil tomon yo‘l olishdi. Bu esa, har bir yosh qalbida ularga ko‘rsatilayotgan hurmat va ehtirom, jonajon vatanimiz uchun kerakli kadrlar bo‘lib yetishishlariga bo‘lgan yuksak ishonchdan dalolat desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan yaratilgan “Yangi O‘zbekiston yoshlari” nomli vatanni madh etuvchi qo‘shiq bilan boshlandi.
Ta’kidlash joizki, bu yil Olmazor tumanidagi jami 33 ta umumta’lim maktablaridan 3700 nafar o‘quvchi maktabni tamomlagan bo‘lsa, shundan 88 nafari oltin, 7 nafari esa, kumush medalga munosib ko‘rilgan. Olmazor tumani hokimligi tomonidan maktabni a’lo baholarga bitirib, medal sohibi bo‘lgan o‘quvchilarga kompyuterlar sovg‘a qilindi.
Yoshlarga unutilmas onlarni hadya etgan bayram tadbirida yurtimizning taniqli san’atkorlari tomonidan konsert dasturlari namoyish etildi.