Ajdodlar izidan:
Ajdodlar izidan:
Ajdodlar izidan:
Remko Reyding “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga sayohat qildi

Niderlandiyalik jurnalist, tarixchi  Remko Reyding “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi. Ushbu maskan faoliyati bilan yaqindan tanishgan tadqiqotchi  Ikkinchi jahon urushi davrida erishilgan Gʻalabaga beqiyos hissa qo‘shgan O‘zbekiston xalqining ko‘rsatgan qahramonligi, o‘z ona vataniga bo‘lgan sadoqati hamda xalqlar ozodligi yo‘lida ko‘rsatgan insoniylik namunalarini ifodolovchi ma’lumotlar hamda eksponatlarni ko‘zdan kechirdi. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Remko Reyding Ikkinchi jahon urushi davrida dushman tomonidan qiynoqqa solinib, vaxshiylarcha otib tashlangan 101 noma’lum askar haqida birinchilardan bo‘lib tadqiqotlar olib borgan.

Uchrashuv chog‘ida “Shon-sharaf” davlat muzeyida davra suhbati tashkil etildi.

           –“Bundan 23 yil oldin talaba paytimda shahrimiz yaqinida sovet askarlari qabristoni borligidan xabar topdim. Askarlarning barchasi unutilgan, ularning shaxsini hech kim bilmas edi,–deydi suhbat chog‘ida Remko Reyding. Qabristonga borib ko‘rdim, u yerdagi 865ta kulrang toshli qabrga qarab, bu yerda ko‘milgan askarlarning yaqinlari hali ham ulardan yangilik kutayotganini, ularning yaqinlari otasi yoki bobosi izsiz ketmaganidan bexabar ekanini tushundim. Bu qabr toshlarini ko‘zdan kechirar ekanman, yuragimda qattiq bir o‘kinch, shu bilan birga  shijoat paydo bo‘ldiki, shaxsi noma’lum bo‘lgan askarlar uchun nimadir qilishni niyat qildim”. Bedarak ketganlar orasida 101 askarning taqdiri hammasinikidan ham boshqacha. Ular 1941 yilda Germaniya sovet ittifoqi hududiga bostirib kirganining dastlabki haftalarida Smolensk ostonasida asirga olingan va nasistlar tomonidan okkupasiya qilingan Niderlandiyaga propaganda maqsadlarida jo‘natilgan. O‘rganishlar asosida shaxsi noma’lum bo‘lgan 101 aksarning aksari o‘zbekistonlik ekani aniq bo‘ldi. Konslagerda nasistlar 101 asirga boshqalarga qaraganda juda vahshiyona muomalada bo‘ladi, ularga quyi darajadagi odamlar deb qarashadi, Ushbu asirlar nasistlarga dahshatli bir rejani amalga oshirish uchun kerak bo‘lgan. Meni nega bu askarlarning hammasi o‘ldirilgani, nemislar ularga nima sababdan juda qo‘pol munosabatda bo‘lgani qiziqtirardi. Maqsadim esa 101 askarning shaxsini aniqlash, yaqinlarini topish va askarlarning qarindoshlariga ularning otasi yoki bobosi ortiq bedarak emasligini, Niderlandiya yerlariga ko‘milganini aytishdan iborat edi. Askarlarning shaxsini aniqlash uchun juda ko‘p harakat qildim. Niderlandiya, Rossiya va O‘zbekistonda tadqiqotlar olib bordim. Yaqinda biz 7 nafar askarning shaxsini aniqlash imkonini beradigan faktlarni topdik. Ularning aksari – O‘zbekistondan. Askarlarning qarindoshlari topilishidan va ularga bobolari haqida ma’lumot berishdan umidvormiz”, deydi tarixchi. Davra suhbati so‘ngida jonkuyar va fidoiy tadqiqotchi Remko Reydingga Ikkinchi jahon urushi davrida O‘zbekiston xalqining ko‘rsatgan jasorati va fidoiyligidan hikoya qiluvchi kitoblar jamlanmasi taqdim etilib, chuqur hurmat va ehtirom ramzi sifatida o‘zbek milliy choponi kiydirildi. Shundan so‘ng, Remko Reyding o‘zining faoliyati mobaynida amalga oshirgan qidiruv ishlari hamda 101 noma’lum askarlar xaqidagi ma’lumotlar jamlangan kitoblarni “Shon-sharaf” davlat muzeyiga hadya qildi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatga xabar
berish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing