Urush faxriylariga hurmat-ehtirom ko‘rsatildi
Urush faxriylariga hurmat-ehtirom ko‘rsatildi
Urush faxriylariga hurmat-ehtirom ko‘rsatildi
Vatan muqaddas, uning tinchligi esa ulug‘ ne’matdir. Ayniqsa, ona yurt tinchligi uchun hatto o‘z jonidan kechishga tayyor bo‘lgan fidoiylarni asrab-avaylash, ularga hurmat ehtirom ko‘rsatish barchamizning insoniylik burchimizdir.

        Mudofaa vazirligi huzuridagi “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi jamoasi Ikkinchi jahon urushida ishtirok etib, vatan tinchligini dushmandan himoya qilish yo‘lida jasorat ko‘rsatgan Abbos ota Appanov holidan xabar olib, hurmat ehtirom ko‘rsatishdi. Mehmonlar tashrifidan quvongan otaxon urush yillarida boshidan kechirgan ayanchli kunlari hamda bugungi tinch va farovon kunlar xaqida to‘lqinlanib gapirdi.
        – Tinchlik va urush, bir –biriga zid bo‘lgan bu ikki tushuncha zamirida insoniyat taqdirini hal qiluvchi jarayonlar mujassam.  Ikkinchi jahon urushi yillari insoniyat boshiga tushgan mudhish kunlar sababli qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz bevaqt halok bo‘lishdi. Shunday ekan, bugungi tinch va farovon, baxtiyor kunlarimiz abadiy bo‘lsin. Yer yuzida aslo urush bo‘lmasin. Bugungi kunda mamlakatimizda biz nuroniylarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va hurmat ehtiromdan boshimiz ko‘klarga yetmoqda. Yoshlarga tilagim, – bugungi tinch va osoyishta kunlarni qadriga yetib, muqaddas diyorimizni har tomonlama rivojlanishiga o‘z hissalarini qo‘shib, farovon xayot kechirishsin,–deydi faxr bilan otaxon.
        Uchrashuvda otaxonga “Gʻalaba bog‘i falsafasi” hamda “O‘zbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida” uchinchi kitob albomi sovg‘a qilindi. Mazkur kitob albomi sahifalaridan Abbos Appanov xayoti bilan bog‘liq jarayonlar ham o‘rin olgan. Bundan g‘ururlangan otaxon Mudofaa vazirligi hamda “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi rahbariyatiga chuqur minnatdorchilik izhor etib, bugungi kunda yurtimiz tinchligini ta’minlashda tinim bilmay xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilardan faxrlanishini takror va takror ta’kidladi. Shundan so‘ng, otaxonga zarur oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
        Shu o‘rinda aytish joizki, Abbos ota Appanov 1942-yil fevral oyida Smolensk shahrida jangga kirib, keyinchalik, Belorus, Polsha, Germaniyada bo‘lgan shiddatli janglarda ishtirok etib, millatlar va xalqlar ozodligi yo‘lida ko‘rsatgan jasorati uchun qator medallar bilan taqdirlangan. Bugungi kunda farzandlari va nabiralari qurshovida baxtli xayot kechirayotgan otaxon, – Mustaqil va Yangi O‘zbekistonimiz gullab-yashnasin, yurtimiz tinchligiga ko‘z tegmasin,–deya duoga qo‘l ochdi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatga xabar
berish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing