O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, Xalqaro Polisiya Assosiasiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan ushbu musobaqada Mudofaa vazirligi, Bojxona qo‘mitasi, Xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklariga qarashli “Kinologiya” xizmatlarining xizmat itlari ishtirok etdi. Malakali kinologlar tomonidan xizmat itlarini giyohvandlik vositalarini qidirib topish, qurol-yarog‘, antiterror, himoya-qorovul xizmati, qidiruv-qutqaruv xizmati kabi yo‘nalishlar bo‘yicha bellashdilar. O‘zbekiston Kinologiya Federasiyasining Xalqaro toifadagi ekspertlari tomonidan xizmat itlarining to‘g‘ri parvarishi, ularga gigiyenik jihatdan ko‘rsatilayotgan e’tibor, xizmat paytida o‘zini tutish me’yorlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Gʻolib bo‘lgan ishtirokchilarga Kubok, diplom, qimmatbaho sovg‘alar, xizmat itlari uchun maxsus oziq-ovqat mahsulotlari hamda pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi. Quvonarlisi, ushbu musobaqaning “Yunior” yo‘nalishi bo‘yicha Mudofaa vazirligi kinologiya markazi birinchi o‘rinni egalladi.
– Bu kabi tadbirlar, nafaqat, harbiy xizmatchilarning o‘z kasbiga bo‘lgan mehri va shijoatini yanada oshishiga, balki ular o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik aloqalarini mustahkamlashda qolaversa, yoshlarni vatan himoyachisidek sharafli kasbga bo‘lgan intilishlarini kuchaytirishda muhim o‘rin tutadi. Fursatdan foydalanib, Mudofa vazirligi hamda “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi rahbariyatiga yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalab ularni barkamol va komil insonlar bo‘lib voyaga yetishida olib borayotgan samarali ishlari, shuningdek, shu kabi tadbirlarni amalga oshirishda hamkor tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun chuqur minnatdorchilik bildiramiz, –deydi Xalqaro Polisiya Assosiasiyasi rahbari Atajanov Murod To‘xtayevich.
Darxaqiqat, yurtimizda mustahkam kelajak poydevorini bunyod etishda olib borilayotgan islohotlar zamirida yoshlar ishtirokini ta’aminlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa, ularni ona vatanga bo‘lgan mehr va muhabbatlarini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.