Ikkinchi jahon urushi davrida vatanimiz tinchligini asrash yo‘lida fidoiylik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizni har qancha e’zozlasak shuncha kamdir. “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi jamoasi poytaxtimizning Qorasuv dahasida istiqomat qilayotgan, urushning dahshatli va ayanchli kunlarini boshidan o‘tkazgan, bugun 93 yoshida keksalik gashtini surayotgan Mariya Ivanovna xonadonida bo‘lishdi. Ota-onasidan erta judo bo‘lgan yosh Mariya ayni o‘spirin 15 yoshida jang maydonlarida jon olib jon berayotgan askarlarga ko‘mak berish uchun urushga yo‘l oladi.
–1944-1945 yillarda harbiy gospitalda jang maydonlaridan keltirilgan yaradorlarga yordam bera boshladim. O‘sha davr bilan bog‘liq xotiralarni hatto eslagim ham kelmaydi. Insoniyat boshiga tushgan og‘ir va ayanchli davrni boshimizdan kechirdik. Hatto bir burda nonni topish amri mahol edi. Ayniqsa, urushdan yaralanib qaytgan askarlarni halok bo‘layotganliklarini ko‘rib, qalbimiz larzaga tushar edi. Shukurlar bo‘lsinki, bugun tinch va farovon xayot kechirmoqdamiz. Jonajon O‘zbekistonimiz kun sayin chiroy ochmoqda. Ayniqsa, yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Ularga tilagim, vatanga munosib farzandlar bo‘lishsin. Zero, tinchlik va xotirjamlik eng ulug‘ ne’matdir, – deydi Mariya Ivanovna. Harbiylar tashrifidan boshi osmonga yetgan onaxon yurtimiz sarhadlarini ko‘z qorachig‘idek himoya qilayotgan barcha harbiy xizmatchilarni Qurolli kuchlarimiz tashkil etilganligining 30 yilligi bilan samimiy qutladi.