Faxriylar holidan xabar olindi
Faxriylar holidan xabar olindi
Faxriylar holidan xabar olindi
“Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi jamoasi Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan faxriylar holidan xabar olishdi.

        Toshkent shahrinig Chilonzor tumanida istiqomat qilayotgan 96 yoshli Antonina Kolominseva mehmonlar tashrifidan cheksiz quvonib, xotiralarini yodga oldi.Urush boshlanganida u hali 15 yoshga toʻlmagan qizaloq edi. Tez orada Kolominsevlar oilasi istiqomat qiladigan Saratov viloyatining Ozinki stansiyasidan frontga tomon qurol-aslaha va jangchilar, frontdan esa yaralanganlar hamda evakuatsiya qilinganlar bilan toʻla eshelonlar oʻta boshladi. Antonina har kuni stansiyaga qoʻlida sut toʻla chelak bilan chiqar, yaradorlarni sut bilan siylab, qoʻlidan kelgancha yordam berishga urinardi. Tez orada urushga ketgan otasi Vasiliy Kolominsevdan qora xat keldi. Minomyot rotasida xizmat qilayotgan akasi Sergey ham 1942-yilning 21-mayida yaqinlariga soʻnggi maktubini yoʻllab, dom-daraksiz ketdi. Oiladagi yoʻqotishlar tufayli Antonina tezkor hamshiralar tayyorlash kursida oʻqib frontga ketishga qaror qiladi. 1944-yil koʻngilli sifatida urushga yoʻl olib, 1-Belorussiya fronti tarkibidagi harakatlanuvchi gospitalda yaradorlarga yordam bera boshlaydi. Antonina Kenigsberg, Chexoslovakiya shaharlarini fashizmdan ozod qilishda qatnashib, 1945-yil 1-may kuni yaradorlar bilan toʻla eshelonda Kislovodskka joʻnatiladi.

       

U tasodifan Oʻzbekistonlik tankchi Aleksandr Konarev bilan tanishib qoladi. Koʻp oʻtmay ular bir-birlariga koʻngil qoʻyadi va Gʻalabadan soʻng, 1945-yilning kuz oyida Toshkentga yetib kelgan yoshlar turmush qurib, uch nafar farzandni voyaga yetkazishadi.- Oʻzbek xalqi azal-azaldan mehridaryo, saxovatli va xalqparvardir. Oʻzbekistonda yashayotganimdan, el ardogʻida umrguzaronlik qilayotganimdan baxtiyorman. Kun sayin rivoj topib, gullab-yashnayotgan jonajon diyorimizga aslo koʻz tegmasin, –deydi Antonina Kolominseva.Keyingi manzil esa poytaxtimizninig Chilonzor tumanidagi “Tirsakobod” mahallasida istiqomat qilayotgan Abdujalil ota Gʻaniyev xonadoni boʻldi. U 1944-yil fashist bosqinchilariga qarshi jangga otlanganida 18 yoshda edi. Yosh Abdujalil qisqa vaqt ichida qurol-yarogʻdan foydalanishni oʻrganib, aloqachi boʻlib jangga kiradi. Xizmati mobaynida Belorussiya va Prussiyani dushmandan ozod qilish uchun kechgan janglarda ishtirok etib, Berlingacha yetib boradi. Gʻalabadan soʻng 1950-yilga qadar xizmat burchini davom ettirib, 1951-yilda Toshkentga qaytib, 20 yilga yaqin Toshkent toʻqimachilik kombinatida faoliyat yuritadi. Yetti oʻgʻil va bir qizni Vatanga munosib, komil insonlar qilib voyaga yetkazgan otaxon mustaqil Oʻzbekistonimizning tinchligi barqaror boʻlsin, – deya duoga qoʻl ochib, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashda xizmat qilib kelayotgan Vatan himoyachilarini Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi bilan muborakbod etdi.

Nargiza SAFAROVA,“Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi matbuot xizmati

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatga xabar
berish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing