Ikkinchi jahon urushi sabab, qanchadan qancha begunoh insonlar o‘z ona vatanidan, ota-onalar esa, farzandidan, mazluma ayollar sevgan yorlaridan judo bo‘ldi. Vatan tinchligin asrab-avaylash uchun jonini fido qilgan yurtdoshlarimizning xotirasini abadiylashtirish yo‘lida qilinayotgan tizimli ishlar zamirida, vatanimiz tinchligini asrab-avaylash va ertamiz egalari bo‘lmish yoshlarni ona vatanga muhabbat va sadoqat ruhida kamol topishlarini ta’minlashdir. Muhtaram Yurtboshimiz tashabbusi bilan barpo etilgan “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi yurtdoshlarimiz, ayniqsa o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanga hamda ajdodlarga munosib voris bo‘lish, keksa avlod vakillariga cheksiz hurmat va ehtirom ko‘rsatish kabi azaliy qadriyatlarni davom ettirgan holda xaqiqiy vatanparvar va komil insonlarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, ushbu maskanga kelgan poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 90 - maktab hamda Shayhontohur tumanidagi 20 - umumta’lim maktabi o‘quvchilari huddi o‘zlarini tarixga sayohat qilgandek his etishdi. Buni ularning ko‘zlarida aks etgan shukronalikdan anglash qiyin emas edi.
– Bugungi tinch va osuda kunlarimizni qadriga yetish va jonajon vatanimiz ravnaqiga o‘z hissamizni qo‘shish bizning asosiy maqsadimiz, – deya ta’kidlagan yoshlar “Shon-sharaf” davlat muzeyidagi eksponatlarning tarixi bilan yaqindan tanishdilar.