Jumladan, Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari tomonidan ham bu borada keng ko‘lamli ishlar jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda. “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasida Mudofaa vazirligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi harbiy xizmatchilarining oilalari bilan ishlash bo‘limi tomonidan “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” mavzusida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda harbiy xizmatchilarninig oila a’zolari ishtirok etib, bugungi kunda yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibordan minnatdor ekanliklarini ta’kidladi. Tadbirda harbiy xizmatchilarninig oila a’zolari “Gʻalaba bog‘i” majmuasi tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyidagi O‘zbekiston xalqininig tinchlikni asrash yo‘lida ko‘rsatgan qahramonligi, front ortida ko‘rsatgan insonparvarligini o‘zida mujassam etgan nodir eksponatlar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, harbiylarning rafiqalari hamda farzandlariga esdalik sovg‘alari topshirildi. San’atkorlar tomonidan ijro etilgan vatanni madh etuvchi kuy va qo‘shiqlar ishtirokchilarga olam-olam quvonch bahsh etdi.
– Ushbu tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga, ayniqsa ularning farzandlariga Mustaqilligimizning qadr-qimmati, vatan atalmish muqaddas qo‘rg‘onning tinchligi naqadar ulug‘ ekani va ushbu dorilomon kunlarning qadriga yetish, mamlakat tinchligini asrab-avaylashda barchamiz birdek ma’sul ekanimizni anglagan holda, yurtga munosib voris bo‘lish kabi tuyg‘ularni yana bir bor his etishlariga o‘z hissamizni qo‘shish,–deydi Mudofaa vazirligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi harbiy xizmatchilarining oilalari bilan ishlash bo‘limi katta ofitseri mayor Aziz Abduvoitov.
Darhaqiqat, bugungi kunda yoshlarimizga qaratilayotgan yuksak e’tibor ularni yurt ravnaqi yo‘lida beminnat xizmat qilishlari uchun zamin yaratmoqda.