Ona vatanimizga munosib farzand bo‘laylik
Ona vatanimizga munosib farzand bo‘laylik
Ona vatanimizga munosib farzand bo‘laylik
Mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ma’naviy yetuk va jismonan sog‘lom, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.

        Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, yoshlarning keng qatlamlariga dahldor bo‘lgan dolzarb masalalar, ayniqsa uyushmagan yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun munosib sharoitlar yaratib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kasbga yo‘naltirish, ularninig tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish eng muhim masalalardan biri sanalmoqda. Bu borada Mudofaa  hamda Ichki ishlar vazirligi tomonidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.  Jumladan, Mudofaa vazirligi huzuridagi “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hamda “Shon-sharaf” davlat muzeyida deyarli har kuni yoshlar o‘rtasida turli uchrashuv va sayohatlar tashkil etilmoqda. Ichki Ishlar Vazirligi akademiyasi  tomonidan tashkil etilgan bugungi tadbir ham aynan uyushmagan yoshlarning ma’naviy olamini boyitish hamda ularning hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lishlari uchun zamin yaratishdan iborat bo‘ldi.
        –  Maqsadimiz, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganib hal etish, shuningdek, o‘tmishda vatan uchun jonini fido qilgan Ajdodlarimizning hayot yo‘li va boshidan kechirgan ayanchli kunlari, dushmanga qarshi olib borgan mardonavor janglarda ko‘rsatgan qahramonligidan so‘zlovchi ushbu maskan faoliyati bilan ularni yaqindan tanishtirish orqali ularni ma’naviy yetuk bo‘lishlari uchun zamin yaratishdir, –deydi  Ichki Ishlar Vazirligi akademiyasi “Jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash” kafedrasi katta o‘qituvchisi Farhod  Shukurov.
        Shuningdek,  mazkur tadbir davomida yoshlar ham  o‘z fikrlarini bildirishdi.
        –  Biz bu yerda Ikkinchi jahon urushi yillarida ajdodlarimizninig boshidan kechirgan ayanchli kunlarini o‘zida aks etgan eksponatlar bilan tanishib, bugungi tinch va osuda kunlarimizga shukronalar keltirdik. Bizning tinchligimiz va osoyishtaligimizni asrab avaylayotgan harbiy xizmatchilar va Ichki ishlar xodimlariga men va men kabi yoshlar o‘z minnatdorchiligimizni bildirgan holda, kelajakda ona vatanimizga munosib farzand bo‘lishga ahd qildik,–deydi Doniyor Abdujalilov.

 

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatga xabar
berish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing