Unda ertamiz egalari bo‘lmish bir guruh yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston Milliy Universiteti Tarix fakulteti dosenti Shermuhammad Ernazarov va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Muhabbat Ahmedovalar tadbir qatnashchilariga O‘zbekiston respublikasi Davlat gerbida keltirilgan ramziy belgilarning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumotlar berib o‘tdi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi Qonun 1992 yil 2 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X sessiyasida tasdiqlandi va qabul qilindi. Unda gullagan vodiy uzra charaqlab turgan quyosh tasviridan hamda o‘ng tomonida bug‘doy boshoqlari, so‘l tomonida esa, ochilgan paxta chanoqlari surati tushirilgan chambar aks etgan. Gerbning yuqori qismida Respublika jipsligining ramzi sifatida sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan. Gerb markazida himmat, oliyjanoblik va fidoyilik timsoli bo‘lgan afsonaviy Xumo qushi qanotlarini yozib turibdi. Ushbu ramzlar va timsollar xalqimizning tinchlik, yaxshilik, baxt-saodat, farovonlik yo‘lidagi orzu-umidlarini ifodalaydi. Gerbning pastki qismidagi respublika Davlat bayrog‘ini ifodalovchi uch rangdagi chambar bandiga "O‘zbekiston" so‘zi bitilgan. Davlat ramzlari har bir mamlakatning mustaqilligini ifodalovchi muqaddas belgidir. Chunki u xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir.