Yoshlar forumi ishtirokchilari “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi  hamda “Shon-sharaf” davlat muzeyida
Yoshlar forumi ishtirokchilari “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi  hamda “Shon-sharaf” davlat muzeyida
Yoshlar forumi ishtirokchilari “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi  hamda “Shon-sharaf” davlat muzeyida
29 iyundan 30 iyunga qadar poytaxtimizda O‘zbekiston Yoshlar va talabalar forumi bo‘lib o‘tmoqda.  Mazkur tadbir O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017 yildan buyon nishonlanayotgan Yoshlar kuni va bundan tashqari 2021 yil Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili deb e’lon qilinishi munosabati bilan o‘tkaziladi.

        Bugun o‘z tengdoshlariga ibrat bo‘layotgan, jamiyatdagi yangilanishlar jarayonida faol ishtirok etayotgan yoshlarimiz soni kun sayin ortib bormoqda. Ushbu forum doirasida respublikamizning barcha viloyatlaridan qatnashayotgan bilimli yoshlar poytaxtimizning turli ko‘ngil ochar va yoshlarni ma’naviy olamini boyitishda muhim sanaluvchi tarixiy maskanlarga sayohatlar uyushtirilmoqda. Jumladan, “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga bugunning o‘zida 600 ga yaqin forum ishtirokchilari tashrif buyurdi.
–  Davlatimiz rahbarining yoshlarga qaratayotgan e’tibori ularni har tomonlama o‘z iste’dodlarini namoyon etishga zamin yaratmoqda. Poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan Yoshlar forumi ham ularga yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan forumda ishtirok etayotgan yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun “Gʻalaba bog‘i” hamda uning tarkibidagi “Shon sharaf” davlat muzeyiga sayohat uyushtirildi. Bundan ko‘zlangan maqsad esa, tarix va bugunni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini o‘tayotgan ushbu maskanda jam bo‘lgan ota-bobolarimizning tinchlikni asrash yo‘lida ko‘rsatgan qahramonligi hamda ona yurtiga bo‘lgan sadoqatidan so‘zlovchi eksponatlar va ma’lumotlar bilan yaqindani tanishtirib, ularni Ona vatanga bo‘lgan muhabbatini yanada mustahkamlashdan iboratdir,–deydi  Yoshlar ishlari agentligi markaziy apparati bo‘lim boshlig‘i podpolkovnik Otabek Yo‘ldoshev.
        Ushbu maskanni ko‘zlarida o‘zgacha shukronalik va hayrat ila ko‘zdan kechirayotgan yoshlarning fikri bilan qiziqdik
–  Bu dargohga ilk bora kelishim, biroq bu yerdan olgan taasurotlarimni so‘z bilan ifodalash qiyin. Huddi tarix sahifasiga tushib qolgandek his etdik o‘zimizni. Ushbu maskan o‘z o‘rnida yoshlar uchun tarbiya o‘chog‘iga o‘xshaydi go‘yo. Shu o‘rinda aytmoqchimanki, bugungi tinchlik va osoyishtalikni yanada qadriga yetib, uni asrab avaylashda albatta bor bilim va salohiyatimizni ishga solishimiz, Vatan uchun o‘z jonini qurbon qilgan ajdodlarimizning jasorati va matonatidan o‘rnak olib, ularga munosib bo‘lish biz uchun ham qarz, ham farzdir,– deydi Surhondaryo viloyatidan kelgan forum ishtirokchisi, Zulfiya mukofoti sovrindori Kamila Astanoqulova. 
Ta’kidlash kerakki, yurtimiza o‘tkazilayotgan mazkur forumning asosiy maqsadi – tashabbuskor va iste’dodli yoshlarni aniqlash, ularga o‘z qobiliyat va ko‘nikmalarini namoyon etish, yosh avlodning ilm-fan, san’at, madaniyat va sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, talabalar va bitiruvchilarga jamiyatda munosib o‘rinlarini topishga yordam berishdan iborat. Zero, Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, – Biz yurtimizda qanday islohotlarga qo‘l urmaylik, avvalo, siz kabi yoshlarga, sizlarning kuch-g‘ayratingiz, azmu shijoatingizga suyanamiz.

 

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatga xabar
berish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing